Soʻnggi 10 yilda Oʻzbekistonda necha marta zilzila sodir boʻldi va qancha iqtisodiy zarar koʻrildi?

    Mamlakatimiz hududlarida 1900-yildan shu kunga qadar 60 dan ortiq kuchli va halokatli (magnitudasi 5 dan yuqori boʻlgan) zilzilalar sodir boʻlgan.

    AOKAda Favqulodda vaziyatlar, Qurilish vazirliklari, Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda zilzila, sel, toshqinlar kabi favqulodda vaziyatlarni oldini olish, seysmik holatni baholash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maʼlumot berildi.

    Oʻzbekiston geologik joylashuviga koʻra, Oʻrtayer dengizi - Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Shu boisdan, respublikamiz va unga chegaradosh hududlarda tez-tez zilzilalar sodir boʻlib turishi tabiiy hol sanaladi.

    Taʼkidlash kerakki, mamlakatimiz hududlarida 1900-yildan shu kunga qadar 60 dan ortiq kuchli va halokatli (magnitudasi 5 dan yuqori boʻlgan) zilzilalar sodir boʻlgan.

    Maʼlumot uchun, soʻnggi 10 yil mobaynida respublikada jami olti marotaba 6 - 8 balli zilzilalar sodir boʻlgan, natijada qurbonlar soni 16 kishini, jabrlanganlar soni 54 kishini, iqtisodiy zarar esa 84 mlrd soʻmni tashkil etgan. (Kon zilzilasi - 2011-yil (8 ball), Tuyabugiz zilzilasi - 2013-yil (7 ball), Marjonbulon; zilzilasi - 2013-yil (8 ball), Kitob va Baxmal zilzilalari - 2016-2017-yillar (7 ball), Boysun zilzilasi – 2022-yil (6 ball)).

    Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlarda 2023-yil 1-yanvardan bugungi kungacha magnitudasi (M= 2.8-6.8) boʻlgan 250 dan ortiq zilzila qayd etildi.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti, hududiy hayot faoliyati xavfsizligi oʻquv markazlari tomonidan soʻngi 3 yilda malaka oshirish oʻquv kurslari doirasida 6 500 nafar respublika va viloyat miqyosidagi, 73 205 nafar tuman va shahar miqyosidagi rahbarlar hamda masʼul mutaxassislarga zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtkazildi. Fuqaro muhofazasi instituti Favqulodda vaziyatlar simulyatsiya markazi “Zilzila simulyatori” trenajyorida 8 283 nafar mamlakatimiz fuqarolarining amaliy koʻnikmalari oshirilgan.

    Respublikaning barcha hududlarida haftaning chorshanba kunlari oʻtkazilgan “Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi” tadbirlari doirasida tashkil etilgan nazariy va amaliy mashgʻulotlar, davra suhbatlari, seminar hamda treninglarda 7 milliondan ziyod fuqarolarga tabiiy hususiyatli favqulodda vaziyatlar, jumladan zilzilada toʻgʻri harakatlanish boʻyicha maʼlumotlar berilgan.

    Zilzila oqibatlarini bartaraf etish va aholini tayyorlash boʻyicha 247 marotaba qoʻmondonlik - shtab oʻquv mashqlar va 19 marotaba maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlar oʻtkazildi (90 mingga yaqin fuqaro qatnashgan).