“Soʻnggi besh yil davomida aholi suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha 10 trillion soʻm yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar koʻp mablagʻ ajratdik. Bu davrda ilk bor 6,5 million aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi”, dedi davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida.

2021-yilda 6300 kilometrga yaqin ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortilgani, 474 ta suv inshootlari qurilgani, 592 ta mahallada 2,5 million aholining suv taʼminoti yaxshilangani taʼkidlandi.

“Eng muhimi, bu ishlar hisobiga 1,5 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Shu bilan birga, hali sohada yechimini kutayotgan muammolar koʻp”, dedi davlatimiz rahbari.

Misol uchun, 4 mingta mahallada ichimlik suvi sutkasiga 4-6 soat beriladi. 1,5 mingdan ortiq mahallada markazlashgan taʼminot yoʻlga qoʻyilmagan.

Bundan tashqari, 2 mingga yaqin bogʻcha, maktab va tibbiyot muassasalari markaziy tarmoqqa ulanmagani bois, suvni tashib kelishga majbur boʻlmoqda.

Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzaxda ichimlik suvi taʼminoti 60 foizdan kam.