Soʻnggi yetti yilda 6 mingdan ortiq korxona ishga tushdi

    Har bir dollar investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlarining asosiy vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Soʻnggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushdi. Tahlillar koʻrsatishicha, jalb qilingan har 1 ming dollar investitsiya yiliga oʻrtacha 530 dollar qoʻshilgan qiymat yaratmoqda.

    Togʻ-kon sanoatida bu koʻrsatkich 700 dollarga yetgani sababli sohaga Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan investorlar kirib kelishni boshladi.

    Lekin “Oʻzbekneftgaz”, «Oʻzmetkombinat« va qurilish materiallari tarmogʻida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar past. Investitsiya hisobiga qoʻshilgan qiymat Sirdaryoda respublika koʻrsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpogʻistonda 2 barobar kam.

    230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan 120 million dollarlik uskunalar egalariga yetkazildi. Lekin yana 105 ta tadbirkorning 110 million dollarlik uskunalari omborlarda turibdi.

    Mutasaddilarga ushbu uskunalarni egalariga yetkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.