Hatto ushbu mutatsiya turi yurtimiz chegarasiga qadar yetib kelgani xavotirli holat. Xususan, yangi variant Qozogʻistonning Olma-Ota shahrida yetti va Nur-Sultonda bir kishida qayd etilgan.
Shuningdek, Iroqda ham kecha ilk bor besh nafar bemorda “omikron” roʻyxatga olindi. Ularning barchasi xorijiy davlatlarda safarda boʻlib qaytgan fuqarolardir.
Braziliyada esa yangi shtammdan dastlabki oʻlim holati kuzatildi. Keksa yoshli bemor shifoxonada vafot etgani aytilmoqda. Maʼlum boʻlishicha, marhum gipertoniya va surunkali oʻpka kasalligidan aziyat chekkan.
JSST texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxovening taʼkidlashicha, soʻnggi haftada dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 71 foizga oshgani tashvishlanarli vaziyat.
Misol uchun, 31-dekabr holatiga koʻra, jahon boʻyicha COVID-19ga chalinish koʻrsatkichlari 1 million 670 mingdan ziyod edi. Kecha esa bu raqamlar 2 million 400 mingdan oshdi.
Chindan ham, rekordlar kun sayin yangilanmoqda. Ayniqsa, Yevropada epidemiologik vaziyat anchayin murakkab. Ammo deyarli hech bir mamlakat Kanada kabi kuchli karantin cheklovlarini joriy etgani yoʻq.
Negaki, mamlakatda bundan roppa-rosa bir oy avval koronavirusdan kunlik kasallanish koʻrsatkichlari 3 ming atrofida edi. Hozir esa bu raqamlar qariyb 13 barobar yuqori.
Shu sababli Ontario va Kvebek shtatlarida maktablar, restoran va barlar, sport zallari toʻliq yopilgan. Kvebekda komendantlik soati ham amalda. Unga koʻra, kechki soat 22:00dan keyin koʻchaga chiqqanlar 6000 dollargacha jarimaga tortilyapti.
Yevropadagi qator davlatlar esa bunday kuchli cheklovlar qoʻllashdan hozircha tiyilmoqda. Misol uchun, “omikron”dan eng koʻp jabr chekayotgan Buyuk Britaniya hukumati lokdaunga qaytishga butunlay qarshi. Jumladan, mamlakat Bosh vaziri Boris Jonson “Biz ushbu virus bilan yashash yoʻlini topa olamiz” deb bayonot berdi.
Xuddi shunday, SOVID-19ni kunlik yuqtirish holatlari millionga yaqinlashayotgan AQSH ham hamon ochiqligicha qolmoqda. Baʼzi shtatlardagi joriy cheklovlar esa asosan emlash pasportlari hamda tibbiy niqoblar bilan bogʻliq.
Toʻgʻri, Hindiston va Janubiy Afrika Respublikasida omikron epidemiyasiga qarshi kurashish uchun komendantlik soati joriy etildi. Biroq har ikki davlatda ham yopiq yigʻilishlarni oʻtkazishga doir cheklovlar Kvebekka nisbatan birmuncha yengil.
Masalan, Hindistonning Karnataka shtati komendantlik soatini joriy qildi. Lekin bu yerda tamaddixonalar va kinoteatrlar oʻz faoliyatini toʻliq toʻxtatgani yoʻq, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.