Koronavirus pandemiyasi davrida dunyo boʻylab sunʼiy nafas oldirish uskunalariga boʻlgan ehtiyoj tobora ortmoqda. Ayniqsa ahvoli ogʻirlashgan bemorlar uchun kislorod konsentratorlari juda muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli, bu turdagi mahsulotlarni tadbirkorlar tomonidan respublikamizga hech qanday toʻsiqlarsiz olib kirilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5978-son Farmoni bilan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq ozon, kislorod va aerozol terapiyasi uchun sunʼiy nafas olish yoki boshqa terapevtik nafas oldirish apparatlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda 2020-yil 31-dekabrga qadar bojxona boji va aksiz soligʻidan ozod qilingan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus pandemiyasi davrida dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasini tartibga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2020-yil 22-iyuldagi 449-son qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-oktyabrga qadar boʻlgan muddatda kislorod konsentratorlar import qilinganda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmasdan va majburiy sertifikatlashtirilmasdan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish va realizatsiya qilish belgilandi.

Mazkur imtiyozlardan samarali foydalangan holda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan soʻnggi 1 hafta davomida respublikamizga qiymati 4,3 mln AQSH dollariga teng 394 dona oʻpkani sunʼiy shamollatish uskunalari hamda qiymati salkam 2,9 mln. dollarlik 5899 dona kislorod konsentratorlari keltirilgan boʻlib, mazkur tibbiy jihozlar keltirilgan kunning oʻzidayoq soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilgan.

Mazkur tovarlar bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan “Xavfni boshqarish tizimi” orqali asosan “yashil” yoʻlaklarda rasmiylashtirilgan boʻlib, bojxona rasmiylashtiruviga oʻrtacha 1 - 1,5 soatgacha vaqt sarflangan.

Turli tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida tadbirkorlar eʼtiboriga shuni yetkazish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “2019-2021-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yana-da jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5707-son Farmoni talablariga muvofiq 2019-yil 1-iyuldan boshlab import dori vositalari (dori substansiyalari bundan mustasno) va tibbiyot buyumlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim undirilishi va ushbu yigʻim Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasini shakllantirish manbaasi sifatida belgilangan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-sonli qaroriga muvofiq, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgan.

Hozirda tadbirkorlar mazkur imtiyozlardan foydalanish uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasining info@expertcenter.uz elektron pochta manziliga tegishli hujjatlarni yuborib, qisqa fursatlarda Markazning ijobiy xulosasini olmoqda.

Shuningdek, taqdim etiladigan hujjatlar va tegishli xulosani tezkorlik bilan olish boʻyicha qoʻshimcha savollar yuzasidan Markazning 71-207-02-65 (64) telefon raqamlariga hamda Davlat bojxona qoʻmitasining 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Bu turdagi tibbiy uskunalarning asosiy qismi respublikamizga havo transporti orqali olib kelinayotganligi sababli, tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining 78) 120-86-30 telefon raqamiga kunning istalgan paytida qoʻngʻiroq qilib, javob olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Bugungi kunda bojxona idoralarida tovarlarni respublika hududiga olib kirilgunga qadar dastlabki deklaratsiya asosida rasmiylashtirish imkoniyatlari ham yaratilgan boʻlib, tadbirkorlarimiz ushbu imkoniyatlardan onlayn ravishda foydalanishlari mumkin.

Koronavirusga qarshi kuchaytirilgan tartib davrida aholining salomatligini muhofaza qilishdagi ahamiyatidan kelib chiqib, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan dori-darmonlar va tibbiy buyumlari, xususan ozon, kislorod va aerozol terapiyasi uchun sunʼiy nafas olish yoki boshqa terapevtik nafas oldirish apparatlarining bojxona rasmiylashtiruvi kechayu-kunduz, uzluksiz va soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilmoqda.

Davlat bojxona qoʻmitasi kislorod konsentratorlari importi jarayoniga doir xolis va haqqoniy xabarlarni eʼlon qilishda ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari bilan oʻzaro hamkorlikka doimo tayyor ekanligini maʼlum qiladi.