Raqamlarga murojaat qilsak, 2022-yil yanvar-fevral oylarida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 31 ming 296 ta murojaat asossiz deb baholangan. Afsuski, ularning 922 tasi yolgʻon chaqiriqlardan iborat.
Toʻgʻri, bu oʻtgan yilning shu davriga nisabatan qariyb 18 ta kam koʻrsatkich. Ammo bunday murojaatlar sababli insonlar hayoti xavf ostida qolishini inobatga olsak, ularning bittasi ham koʻp.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, eng koʻp yolgʻon chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, bu raqam 258 tani tashkil etdi. Keyingi oʻringa 124 ta chaqiriq bilan Qashqadaryo viloyati joylashgan. Shuningdek, “Tez yordam”ga Fargʻona viloyatidan 119 ta, Toshkent shahridan 107 ta, Navoiy viloyatidan 102 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolgʻon chaqiriq esa Jizzax viloyati (2 ta), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (11 ta) va Sirdaryo viloyatida (15 ta) qayd etildi.
Bundan tashqari, yanvar-fevral oylarida “Tez yordam” xodimlari tomonidan yana bir qancha murojaat natijasiz chaqiriq, deb baholangan. Jumladan, 1401 ta holatda manzil topilmagan, 11 ming 692 ta vaziyatda tez tibbiy yordam rad etilgan, 2 ming 598 ta holatda bemor oʻz joyida boʻlmagan, 5 ming 692 tasida boshqa transport vositasida olib ketilgan, 339 tasida esa “Tez yordam” xodimlariga eshik ochilmagan.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, oʻtgan 2021-yilda yurtimizda “Tez yordam” xizmatiga jami 194 ming 96 ta asossiz chaqiriq kelib tushgan edi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.