Hujjat Prezidentning 11.02.2019-yildagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ- 4185-son qarorini ijro etish, shuningdek ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning oilaviy shaklini va boshqa muqobil shakllarini joriy qilish, ularning hamjamiyatga tezda ijtimoiy moslashishi uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

“SOS – bolalar mahallalari” uyushmasining faoliyatini toʻgʻri ifodalash uchun quyidagi xizmatlar qayta nomlanishi belgilandi:

  • bolalar mahallalari – bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari;
  • yoshlar uylari – yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari;
  • ijtimoiy markazlar – ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmatlari.

Hujjat bilan quyidagi xizmatlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi:

  • bolalarni muqobil parvarish qilish;
  • yoshlarga hamrohlik qilish;
  • ijtimoiy yetimlikning oldini olish.

Muqobil parvarish qilish xizmatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • oilada yoki oilaga oʻxshash muhitda, bolalarning aqliy, ruhiy va jismoniy jihatdan rivojlanishiga yordam beradigan qulay muhitni yaratish;
  • bolalar hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini saqlashni taʼminlash;
  • oʻrta taʼlim olishlarini, ijtimoiy himoya qilishni va ularning jamiyatga moslashuvini taʼminlash;
  • milliy urf-odatlar asosida Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash;
  • mehnat koʻnikmalarini shakllantirish, ularga oʻz kasblarini oʻzlari tanlashlari uchun sharoit yaratish;
  • oʻz oilasi bilan aloqa bogʻlashiga koʻmaklashish, shuningdek reintegratsiya qilish (oilasiga qaytarish).

Ijtimoiy hamrohlik qilish xizmatining asosiy maqsadi yetim bolalarda mustaqillik, erkinlikni va jamiyatga yaxshi moslashish, oʻz oldilariga aniq maqsadlar qoʻyish va ularga erishishga intilish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat.

Ijtimoiy yetimlikning oldini olishda normal oilaviy munosabatlarni shakllantirish va taʼminlash, sogʻlom turmush tarziga yoʻnaltirish, oila va nikoh institutini rivojlantirish maqsadida ota-onalar va bolalar bilan ishlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.11.2020-yildan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova.