Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Karmana tumani “Kamolot” MFY Bobur koʻchasi 16-xonadonda yashovchi fuqaro M.Moʻminova Navoiy shahrida joylashgan savdo doʻkonidan 1 450 000 soʻmga sotib olgan mobil telefon buzuq chiqqan.
Fuqaroning ushbu muammo yuzasidan savdo doʻkoni sotuvchisiga qilgan murojaati eʼtiborsiz qoldirilgach, ushbu masalada amaliy yordam soʻrab, Navoiy shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Jamiyat xodimlarining oʻrganishi davomida haqiqatan ham isteʼmolchi sotib olgan mobil telefoni nosoz ekani, undan foydalanish imkoni yoʻqligi kuzatildi.
Sotuvchiga isteʼmolchining isteʼmolchi sifatida huquqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining tegishli moddalari tushuntirildi.
Natijada fuqaroga ushbu nosoz telefon apparatining sotuvchi tomonidan sifatli taʼmirlab berilishida amaliy yordam koʻrsatildi.