Tadbirda taʼkidlanganidek, turizm jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan sohasi. COVID-19 ning jiddiy taʼsiriga qaramay, global turizm barqarorligini isbotladi va tezda tiklandi. Bu juda muhim, chunki koʻplab mamlakatlar oʻz iqtisodiyotini koʻtarish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun turizmga tayanmoqda.

2022-yilda dunyo boʻylab deyarli 1 milliard odam sayohat qilgan, bu pandemiyadan oldingi koʻrsatkichlarning 66 foizini tashkil qiladi. Joriy yilda Oʻzbekiston 7 million xalqaro sayyoh qabul qilishi kutilmoqda, bu 2016-yildagidan besh barobar koʻpdir. Kelgusi yilda  esa mamlakatimizda 10 million sayyoh qabul qilish maqsad qilingan.

Vazir, shuningdek, oʻz nutqida mintaqaviy turizm faoliyatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun “Ipak yoʻlida turizm” tematik ofisini ochish rejasini maʼlum qildi. Bu Ipak yoʻlining global brend sifatidagi salohiyatini oshirishga yordam beradi.

Oʻzbekistonda UNWTO  Bosh Assambleyasi oʻtayotgani ulkan yutugʻimizdir. Albatta, bu tasodifan sodir boʻlmadi. Besh yil davomida turizm sohasida amalga oshirilgan misli koʻrilmagan islohotlar bu kunga zamin hozirladi. Ayniqsa, soʻnggi  2 yil ichida  ushbu Bosh Assambleyani oʻtkazishga katta tayyorgarlik koʻrildi. Muhim infratuzilma, jumladan, tarixiy obidalarni tiklash, koʻpriklar va yoʻllar qurish, suv va energiya taʼminotini yaxshilash uchun 1 milliard dollar sarmoya kiritildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda xususiy tadbirkorlik subektlari tomonidan 60 ta yangi mehmonxona qurilib, 40 ta mehmonxona taʼmirlandi. Samarqand ayeroportining yangi terminali qurildi hamda Markaziy Osiyodagi eng yirik MICE-turizm majmuasi boʻlgan "Silk Road Samarkand" barpo etildi. Eng muhimi, bu loyihalarning aksariyati yashil investitsiyalardir.

Bahor Xidirova

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri