3-iyul kuni Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “OAV haftaligi”ning markaziy tadbiri — “Birlashish nuqtasi: Soʻz kuch” gʻoyasi ostida xalqaro media forumi boʻlib oʻtdi.
Forum ishini “Birlashish nuqtasi: Soʻz kuch” mavzusidagi maxsus videorolik ochib berdi. Shuningdek, tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Boshqaruv raisi Odiljon Tojiyev forum ishtirokchilarini qutlab, mamlakatda media sohasini rivojlantirish, jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlash, milliy medianing raqobatbardoshligini oshirish hamda zamonaviy axborot muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
Forum doirasida oʻtkazilgan birinchi panel sessiyasi “Globallashuv davrida Oʻzbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusiga bagʻishlandi.
Ikkinchi panel sessiyasi “Ishonchli axborot muhitini shakllantirishda OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni” mavzusida tashkil etildi. Muhokamalar davomida media savodxonlikni oshirish, dezinformatsiyaga qarshi samarali yondashuvlarni joriy etish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Forumning muhim natijalaridan biri sifatida media sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, oʻzaro tajriba almashish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, forum doirasida Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi aʼzolarining navbatdagi umumiy yigʻilishi tashkil etildi. Unda Assotsiatsiyaning istiqboldagi faoliyat yoʻnalishlari, yangi tashabbuslar va sohani rivojlantirishga qaratilgan vazifalar muhokama qilinib, Assotsiatsiya safiga qoʻshilgan yangi aʼzolarga sertifikatlar topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar uchun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga press-tur tashkil etildi.
Uch kun davom etgan “OAV haftaligi” milliy va xalqaro media hamjamiyati oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlash, tajriba almashish va yangi hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash uchun samarali platforma vazifasini oʻtadi.