Sovuqdagi qaynoq harorat

    Harbiy 13 Aprel 2021 1364

    “Xalqaro armiya oʻyinlari – 2021” doirasida yurtdoshlarimiz “Sayan yurishi” musobaqalariDa qatnashish uchun Rosssiya Federatsiyasining Tuva respublikasiga yetib kelganidan xabaringiz bordir.

    Ushbu maqolamizda harbiy xizmatchilarimizning Krasnoyarsk oʻlkasidagi Yergaki harbiy sport oʻquv markazida musobaqaga tayyogarlik jarayoni haqida toʻxtalmoqchimiz. Tavsifni sal oshirib yuborsak toʻgʻri tushunasiz, ishtirokchilarning mashaqqatini his qilib, oʻzimiz ham ular bilan birga qor kechib yuribmiz.

    Xullas, musobaqa ishtirokchilari mutlaqo yangi iqlim sharoiti va tabiat injiqliklari ostida oʻn ikkita shart boʻyicha qizgʻin tayyorgarlik olib borishmoqda. Aniqlikka granata uloqtirish, guruh tarkibida jangovar oʻq otish, nishonlarni aniqlash, qor koʻchkisida qolgan yaradorni qidirish, tepalikni tezkor vaqtda zabt etish, arqonda jumar yordamida qoyaga koʻtarilish, rejalashtirilgan marshrutda harakatlanish, arqon yordamida qoyadan tezkor tushish, oriyentirlash kabi bir-biridan murakkab, hushyorlik, chidamlilik va chaqqonlik talab qiladigan mashgʻulotlar harbiy xizmatchilarni rosmana musobaqaga toblab boradi.

    – Moskvada karantindan keyin bir oz vaqtimiz boʻlib, shahar aylandik. Lekin xoh ishoning, xoh ishonmang, hech narsa tatimadi. Yergakiga kelganimizdan keyin ham yigitlar bilan faqat musobaqa, shartlar, tayyorgarlik haqida gaplashamiz. Yorugʻ yuz bilan, gʻalaba qozonib, Vatanga qaytsak, barchaga munosib sovgʻa boʻlardi, – deydi jamoa murabbiyi kichik serjant Jumanazar Tariyev.

    Ha, bu kunlarda chalgʻish mutlaqo mumkin emas. Birorta shartni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi. Har biridan yigʻilgan ballar yakunda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. Boz ustiga ozgina hushyorlikni boy berish jarimaga sabab boʻlib, jamoani ortga tortishi ehtimoli bor. Shuning uchun boʻlsa kerak, hali musobaqalar boshlanishidan oldin ham bahs-munozaralar quloqqa chalina boshladi. Toki mavhumlik tarqasin, aniqlikka putur yetmasin.

    Muhimi, ob-havoning sovuqligi, qorning qalinligi yurtdoshlarimizga zarracha taʼsir qilgani yoʻq. Ularning yuragi Vatanga boʻlgan muhabbat harorati bilan yonadi.

    Kapitan Aziz NORQULOV,

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

    Rossiya Federatsiyasi, Krasnoyarsk.