Soʻx-Rishton» avtomobil yoʻlida transport vositalarining qatnovi vaqtinchalik toʻxtatilgan — FVV

    Voqea-hodisalar 12 May 2022 1125

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻona viloyati Soʻx tumaniga kuchli sel keldi” sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan maʼlumot berdi

    Shu yilning 11-may kuni soat 18:00 larda qisqa muddatda yogʻib oʻtgan koʻp miqdordagi kuchli yogʻingarchilik oqibatida Fargʻona viloyati Soʻx tumanining “Soʻx”, Fargʻona tumanining Shoximardon hududi “Yordon” MFYlarida sel oqimlari yuzaga keldi.

    Hodisa natijasida Soʻx tumanining “Malbut” qishlogʻi hududidan oqib oʻtuvchi “Malbut”, “Devayron” MFY hududidan oqib oʻtuvchi “Devayron” sel yoʻllarida sel oqimlari soy oʻzaniga sigʻmay, “Soʻx-Rishton” avtomobil yoʻlining qatnov qismiga loyqa va turli togʻ jinslari oqizib kelgan. Oqibatida ushbu avtomobil yoʻlida transport vositalarining qatnovi vaqtinchalik toʻxtatilgan.

    Sel suvlari “Malbut” qishlogʻidagi xonadonlarning yertoʻla, qoʻshimcha bino va tomorqalariga kirgan. Hozirda muhandislik texnikalari yordamida sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

    Sel oqimi oqibatlarini bartaraf etish, suv toshib kirgan xonadonlar sonini aniqlash ishlari tuman hokimi rahbarligida Favqulodda vaziyatlar boʻlimi va tegishli xizmatlar tomonidan amalga oshirilmoqda.