Soʻx tuman davlat arxivining bugungi kunga qadar 291 ta fonddan iborat 4500 saqlov birligiga yaqin xujjatlari talab darajasiga javob bermaydigan binoda saqlab kelindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-avgust kungi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Soʻx tuman davlat arxivini alohida bino bilan taʼminlash hamda moddiy texnika bazasini mustahkamlash belgilangan.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd qilingan qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tuman davlat arxivi binosi qurilishi uchun ajratilgan yer maydonida (72 m2) qurilish ishlari shu yilning oʻzidayoq boshlab yuborildi.
Soʻx tuman yangi davlat arxivi binosi Istiqlol mfy Omuzgor koʻchasi 52-uyda joylashgan boʻlib, yangi, zamonaviy va texnik jixozlangan arxivda 50 ming hujjat sigʻimi mavjud boʻlib, bu eski binoga nisbatdan bir necha barobarga koʻpdir. Bugungi kunda arxivda toʻrt nafar xodim faoliyat olib bormoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Mirtalibovich Yusupov, Soʻx tuman hokimi Sayidmusayev Saidbaxrom Saidburxonovich hamda arxiv sohasi faxriylari soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda arxiv ishi tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar arxiv ishi va ish yuritish sohasini takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani davlat arxivlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, arxiv hujjatlarini kelajak avlod uchun asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.
Tadbir qatnashchilari yangi binoda yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan tanishdi. Xonalarga zamonaviy jixozlar, kompyuter jamlanmalari, internet tizimi, kuzatuv kameralari oʻrnatilgan.