Prezidentimizning foydalanilmayotgan yerlarda irrigatsiya ishlarini bajarish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, kam suv talab qiladigan ekinlar ekish hisobiga oʼzlashtirish, bu yerlarni yoshlarga boʼlib berish orqali ularni ish bilan, daromad bilan taʼminlash borasida topshiriqlaridan kelib chiqqan holda, viloyat rahbarining tashabbusi bilan yaqinda bu yerda 1000 gektar yerni oʼzlashtirish ishlari boshlandi. Rejaga koʼra, oʼzlashtirilayotgan yerlar atrofdagi 4 ta qishloqda yashovchi 1000 ta oilaga 1 gektardan boʼlib beriladi, har bir oila uchun 10 sotixli issiqxona-limonariy tashkil etiladi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari bilan kecha Soʼx tumanining Javpaya massivida boʼlib, bu yerda mahalliy aholi vakillari bilan muloqot qildi. Mutaxassislar tomonidan quduq burgʼulab, suv chiqarish ishlari boshlanayotganini, 6 kilometrdan tarmoq tortib, elektr nimstantsiya oʼrnatilishini maʼlum qilgan viloyat hokimi, issiqxona-limonariylar uchun chuqur kavlash, unumdor tuproq keltirish ishlari bajarib berilishini, koʼchat olishga koʼmak berilishini qayd etdi. Shuningdek, har bir oilaga 10 qutidan asalari tarqatilib, qoʼshimcha daromad manbai shakllantiriladigan boʼldi. 

Beriladigan 1 gektarlik yer maydonlarida pistazor, kavrakzorlar tashkil etiladi, oralarida turli ekinlar ekiladi. Suv chiqarilgach, hovuzlar barpo etilib, barcha maydonlarda tomchilab sugʼorish tizimi yoʼlga qoʼyiladi. 

Bugundan boshlab massivni oʼzlashtirish boʼyicha viloyat hokimligining maxsus shtabi doimiy ravishda shu joyning oʼzida faoliyat koʼrsatadigan boʼldi. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, kadastr hududiy boshqarmasi, “Fargʼona HETK”, tuman sektorlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat shtab hudud oʼzlashtirilib, issiqxonalar barpo etish, suv chiqarish, yerlarga ekinlar va koʼchatlar ekish ishlari yakunlangunga qadar aholiga har tomonlama koʼmak berib borishi belgilandi.

Viloyat hokimi bilan suhbatlashgan mahalliy yoshlar, boʼlayotgan ishlardan, taqdim etilayotgan yer egasiga aylanib daromad topish imkoniyatidan mamnuniyatlarini izhor qilib, migrant boʼlib xorijda ishlashdan koʼra oʼz uylarida yashab, halol mehnat bilan pul topish uchun yaratib berilayotgan sharoitlar uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdilar.