Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Soʻx tumaniga tashrifi doirasida tumanda qurilish ishlari yakunlanayotgan yangi aeroport bilan tanishdi.

Soʻx tumanining Navobod mahalla fuqarolar yigʻini hududida jadal surʼatlar bilan barpo etilgan aerodrom maydoni yetti gektar boʻlib, uzunligi yetti yuz metrni tashkil etadi.

Qurilish ishlari uchun davlat byudjetidan olti milliard sakkiz yuz million soʻm mablagʻ ajratilib, uchish maydonchasi, kutish zali, ovqatlanish shoxobchasi, savdo nuqtasi, dam olish joylarini oʻzida qamrab oladigan zamonaviy majmua tashkil etilyapti. Yaqin kunlarda sinov uchishlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Aeroport qurilishi 2020-yil 8-avgustdagi “2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Viloyat hokimi aeroport uchish yoʻlaklari, kutish va xizmat koʻrsatish zalida amalga oshirilgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Soʻnggi ishlarni yakuniga yetkazishni tezlashtirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.