Soxta xodimlardan ogoh boʻling — FVV

    Ijtimoiy tarmoqlarda maxsus kiyim kiygan shaxslar oʻzlarini FVV xodimlari sifatida tanishtirib, aholidan goʻyoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganliklari uchun pul toʻlashga majburlayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur holat yuzasidan mazkur shaxslarning vazirlik faoliyatiga hech qanday aloqasi yoʻqligini, shu bilan birga, yongʻinlarning oldini olish bilan bogʻliq tadbirlar uchun vazirlik tizimi xodimlari tomonidan hech qanday pul yigʻimlari, boshqa turdagi toʻlovlar undirilmasligini maʼlum qildi.

    Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan bu borada quyidagilarga eʼtibor qaratni soʻraydi.

    «Xonadoningizga kelib, oʻzini Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalariga oʻxshash nomlar bilan tanishtirgan shaxslardan, birinchi navbatda, shaxsini tasdiqlovchi xizmat guvohnomasini taqdim etishini soʻrang. Ularning faoliyat turi hamda qanday xizmatlar koʻrsatishi va ishlarni bajarishlariga aniqlik kiriting. Ular tomonidan taklif qilinadigan xizmatlarni bajarish faqat sizning roziligingiz asosida amalga oshirilishi mumkinligini unutmang. Agar favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan biror ishni bajarmasdan, sizdan majburiy tartibda toʻlov talab qilinsa, oʻz huquqlaringizni himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishingiz yoki Favqulodda vaziyatlar vazirligining ekranda koʻrsatilgan 95 772-10-50 ishonch raqamiga murojaat qilishingiz mumkin«, — deyiladi murojaatda.