Shu oʻrinda men davlatimiz rahbarining bir fikriga, yaʼni bugun tadbirkorlar toʻgʻri ishlash “soyada ishlash”dan afzal ekanini tushunib yetmoqda, degan gapiga eʼtibor qaratmoqchiman.

Toʻgʻri-da, yashirincha, turli hadik yoki qoʻrquv bilan ishlagan qayda-yu, ochiq, erkin faoliyat yuritish qayda. Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli bugun tadbirkorlarimiz bemalol ishlayapti. Yangi loyihalarni oʻrtaga tashlayapti. Yangi ish oʻrinlari yaratyapti. Oddiy qilib aytganda, zamonaviy tadbirkorga aylanmoqda. 

Tadbirkorlikni 2016-yil xonadonimda parranda boqishdan  boshlagan edim. Oradan bir yil oʻtmay fermer xoʻjaligi tashkil qildim. Oʻz xonadonimda qiziqish bilan boshlagan ishim katta biznesga aylanib ketadi, deb oʻylamagan edim. Avvaliga 500 ta tuvaloq boqish bilan ish boshlagan boʻlsak, bugun bu son 400 mingtaga yetdi.

Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlar natijasida kooperatsiya asosida mahsulot yetkazib berish qulay usulga aylanmoqda. Qisqa vaqtda agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuchga aylangan mazkur tizim iqtisodiyot tarmoqlari istiqbolida muhim omil boʻlishi shubhasiz.

Fermer xoʻjaligimizda 142 ishchi faoliyat yuritadi. 122 ta xonadonga kooperatsiya usulida joʻja  va uning ozuqasini yetkazib beramiz. Ish boshlashga choʻchigan edim, xavotirim oʻrinsiz chiqdi. Dastlab parranda boqishga qiziqish bildirganlarga joʻja tarqatdik. Ozuqa mahsulotlarini ham yetkazib berdik. Xonadonma-xonadon yurib, parvarishini tushuntirdik. Bir oy boqilgan har bir joʻjadan 3 kilogrammgacha parhezbop goʻsht olish mumkin, 4 oyda tuxumga kiradi. Yaʼni qisqa vaqt qarovdan soʻng aholidan goʻsht va tuxum sotib olamiz. Kooperatsion usulda tashkil etilgan tadbirkorlik faoliyatining har bir aʼzosi tenglik asosida kooperativ mulkni yaratadi. Koʻpchilik minnatdor. Chunki sarmoyasiz biznes boshlab, qisqa vaqtda mahsulot sotishni yoʻlga qoʻyish manfaatli, albatta.

Yuqorida faoliyatimiz kengayganini bejiz taʼkidlamadim. Hozir fermer xoʻjaligimizda zamonaviy inkubator, omixta yem ishlab chiqarish zavodi hamda 1000 tonnali sovutkichli tizim tashkil qilindi. Agar tadbirkor imkoniyatlardan oʻrinli foydalanib, oʻz salohiyatini ishga solsa, har qaysi yoʻnalishda katta natijalarga erishish mumkin. Tovuq goʻshti yetishtirish bilan birga baliqchilik bilan ham shugʻullanaman. Tadbirkorlik shunday sohaki, agar siz faollik koʻrsatsangiz, yangi yoʻnalishlar bilan shugʻullanib, daromadingizni oshiraverasiz. Ochigʻi, bu borada yaratilgan imkoniyatlar meni doim olgʻa intilishga undaydi.

Tadbirkorlar bilan navbatdagi muloqot oldidan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Bunday eʼtibor menga yanada kuch bagʻishlab, yangi marralar sari undaydi. Anʼanaga aylangan ochiq muloqot yechimini kutayotgan qator muammolarga barham berish bilan birga, soha rivoji yoʻlidagi toʻsiqlar, bu borada tadbirkorlar takliflarini tahlil qilish, shu orqali tadbirkorlik faoliyati rivojiga keng yoʻl ochishda qoʻl kelmoqda. Ayni shu jihatlari bilan ham ushbu muloqot barcha ishbilarmon doira vakillari uchun oltin minbarga aylandi.

Chunki bu kabi uchrashuvlarda barcha masalalar ochiq-oydin oʻrtaga tashlanib, yechimi topiladi. Maxsus shtab tashkil etilib, murojaatlarni qabul va tahlil qiladigan, oʻz navbatida, tegishli vazirlik va idoraga yoʻnaltiradigan tizim joriy qilingani tadbirkorlarni iqtisodiyotning haqiqiy tayanchiga aylantirmoqda.

Tadbirkorlar bilan muloqotda biz uchun muhim yana bir taklif aytildi. Kichik tadbirkorlar oyoqqa turib olishi va faoliyatini kengaytirishi uchun soha vakillarini oʻqitish, ularga loyiha qilib berish, moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish boʻyicha yaxlit ekotizim yaratilishi taʼkidlandi. Bunday yangi yondashuvlar tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat eshigini ochadi. Biznesni rivojlantirish banki va uning huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etilishi barcha ishbilarmonlar uchun ajoyib xushxabar boʻldi.

Gulmurod UMAROV,

 Jondor tumanidagi “Arjumanbonu”

fermer xoʻjaligi rahbari, “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi