“Soʻz Haqning soyasi... Insonni soya oʻziga tortar ekan, unda haqiqat yanada yaxshiroq jazb etadi. Har narsaning asli – soʻz... Soʻz amal daraxtining mevasidir. Chunki u amaldan tugʻiladi. Ulugʻ Tangri olamni soʻz bilan yaratdi va “boʻl!” deyishi bilan boʻldi... Soʻz insonning qiymati qadar qadrlidir”.

Darhaqiqat, soʻzning kuchi shu darajada ekan, bugun OAV vakillariga boʻlgan munosabat qay darajada, degan mulohaza ham koʻnglingizdan oʻtishi tabiiy albatta. Bugun har sohada boʻlganidek, OAV ham jadal rivojlanib borish bilan birgalikda, hayotimizni ularning faoliyatisiz tasavvur eta olmaymiz. Ayni kunlarda jurnalist hamda blogerlar tomonidan yozilayotgan materiallar, koʻtarilayotgan muammolar ham oʻz dolzarbligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Albatta, ushbu masalalar yechimi orqali xalqimizning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun koʻzda tutilgan shart-sharoitlar yaratilishi maqsad qilingani ham bor gap. Olib borilayotgan islohotlarga hamohang matbuot sohasi orqali ravishda qadam tashlash, bugun ish faoliyatimizda ochiqlik, oshkoralik, xolislik tamoyili asosida ishlashni hayotning oʻzi taqozo qilayotgani hammaga maʼlum boʻlgan hayotiy haqiqat.

Chindan ham, bugun atrofimizda boʻlayotgan har bir voqeani xolis yoritish, sohalardagi kamchiliklarni bartaraf etish, qoʻyingki, barcha-barchasida OAVning yordami beqiyos ekanini koʻrishimiz mumkin.

Matbuotga qaratilayotgan eʼtibor ortidan kishida bir qancha mulohaza paydo boʻlishi tabiiy. Bugun tafakkurimizda ertangi yorugʻ kunlarimizning qadriga yetishga undovchi, bugungi goʻzal hayotimizga shukrona aytib yashash ruhini singdiruvchi, xalqimizning vijdoni boʻlib yashaydigan jurnalistlarimiz talaygina. Hududlarda ham jurnalistika sohasiga qiziquvchi iqtidorli yoshlar koʻp. Shu bois, joylarda shunday yoshlarni jamlab, maxsus maktablar ochish maqsadga muvofiq. Ushbu maktabni tugatgan yoshlar poytaxtdagi oliygohlarda taʼlimni davom ettirishsa, nur ustiga nur boʻlar edi. Demoqchimanki, bu boradagi ishlarimizni ham tizimga solish vaqti keldi. Ushbu maktablar faoliyatidan yetuk jurnalist kadrlarimiz yanada koʻpaygan, sohaga qiziqish yanada ortgan boʻlar edi.

Oʻrni kelganda, yana bir narsa haqida toʻxtalish lozim. U ham boʻlsa, keyingi vaqtlarda, ijtimoiy tarmoqlarda turli chiqishlar, kasb odobiga toʻgʻri kelmaydigan materiallarni eʼlon qilish uchrab turibdi. Axborot, videolavha, maʼlumot joylayotganda, yetti oʻlchab bir kesmay, tor doirada hal qilinadigan muammolarni ham dunyoga doston qilish bilan bogʻliq holatlar, afsuski, bor. Bularning ortidan esa, xalqimiz, millatimiz haqidagi notoʻgʻri qarashlar shakllanib qolishi mumkinligi masalasini ham oʻylab koʻrish vaqti keldi.

Millat shaʼni, uning obroʻsi uchun hammadan koʻra ommaviy axborot vositalari xodimlari koʻproq masʼul va fidoiy ekanini unutmaslik kerak.

Mirzohid BOTIROV,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi