Soʻz va matbuot erkinligi — Uchinchi Renessans poydevori

    Fikr 7 May 2025 726

    Butunjahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan — YUNESKO tomonidan tashkil etilgan yillik sana doirasida, Toshkent shahri Markaziy Osiyoning asosiy media muhokamalari markaziga aylandi.

    Shu yilning 7-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro forumda davlat organlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, jurnalistlar, blogerlar, texnologik startap asoschilari, taʼlim sohasidagi mutaxassislar va yosh innovatorlar ishtirok etdi.

    Forumning asosiy mavzusi — “Soʻz va matbuot erkinligi — Uchinchi Renessans poydevori“ boʻlib, boy dastur orqali mintaqadagi barqaror rivojlanishda ommaviy axborot vositalarining tutgan oʻrni haqida muhokamalar boʻlib oʻtdi.

    — Oʻtkazilgan forum shuni koʻrsatdiki: soʻz erkinligi va innovatsiyalar kelajakda mintaqa taraqqiyotining ajralmas tarkibiy qismlariga aylanishi muqarrar. Biz yangi tashabbuslar uchun mustahkam poydevor qoʻydik, — dedi Oʻzbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruv raisi Sherzodxon Qudratxoʻja.

    Shuningdek, forum doirasida “Soʻz va matbuot erkinligi — Uchinchi Renessans poydevori“ va “Milliy media mahsulotining istiqbollari: raqobatbardosh kontent yaratishning qiyinchiliklari va imkoniyatlari“ mavzusida muhokamalar boʻlib oʻtdi.

    Ushbu muloqotlarda “Yangi Oʻzbekiston“ va “Pravda Vostoka“ gazetalari tahririyati Bosh muharriri Salim Doniyorov, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov va boshqalar nutq soʻzladilar.

    Forum “Mediaxakaton: media kontent va sunʼiy intellekt“ deb nomlangan innovatsion sessiya bilan yakunlandi. Unda Oʻzbekiston, Anar Toʻleubayeva (Qozogʻiston), Daniiar Emilov (Qirgʻiziston) va Dr. Akhlitdin Nizomitdinov (Tojikiston) ekspertlari sunʼiy intellektni media loyihalarga joriy etish boʻyicha amaliy misollarni taqdim etdilar.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston bugun nafaqat global tendensiyalarni qabul qilmoqda, balki boy anʼanalarni zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirib, oʻz taraqqiyot yoʻlini shakllantirmoqda. Eng yaxshi loyihalar yuqori baholandi va keyingi bosqichlarda amaliyotga joriy qilish uchun yoʻl xaritasiga kiritildi.