Soʻzning latofati birlashtirgan nafis majlis

    “Erkin Vohidov ijodiy merosi va turkiy adabiyot masalalari” anjumani oʻtkazildi

    Shunday davralar, ma'rifiy kechalar boʻladiki, ishtirok etib, inson umri u qoldirgan esdalik-xotiralar va boy maʼnaviy meros vositasida asrlar osha davom etishiga amin boʻlasiz.

    Shubhasiz, oʻzbekning buyuk hassos shoiri Erkin Vohidov umri va ijodiy merosi bunga yaqqol misol boʻla oladi. Donishmand shoirdan goʻzal xotiralar, bebaho asarlar qoldi.

    21-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 88-yilligi munosabati bilan “Erkin Vohidov ijodiy merosi va turkiy adabiyot masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻldi.

    Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov anjumanni olib borish jarayonida Erkin Vohidovning oʻlmas ijodiy merosining turkiy xalqlar adabiyoti va XX asr oʻzbek adabiyotida tutgan muhim ahamiyati, adibning "Soʻz latofati" asarining turkiy xalqlar oʻrtasidagi mushtarak jihatlari haqida alohida taʼkidladi.

    TURKSOY tashkiloti rahbari Sulton Rayev ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilariga onlayn oʻqib eshittirilgan murojaatnomasida Erkin Vohidovning shaxs sifatida turkiy xalqlar adabiyotidagi oʻrni, "Soʻz latofati" kitobining ozarbayjon, turk tillariga qilingan tarjimasi yuzasidan samimiy munosabat bildirdi.

    Ozarbayjonlik olima Almaz Ulvi Binnatova "Soʻz latofati" kitobining Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan taqdimoti, asarni ozarbayjon adabiy muhiti, tilshunoslar, kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan oʻqilayotgani, uning ilmiy-amaliy jihatlari toʻgʻrisida gapirib berdi.

    Anjumanda shuningdek, Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov, “Jahon adabiyoti” bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Xalq yozuvchisi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekkino Milliy agentligi direktori Shuhrat Rizayev, ozarbayjonlik olima Xuraman Murodova, “Turon” Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, xonanda Hojiakbar Hamidov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abdulla Shomagʻrupov, Xurshid Vohidov, Rustam Mirvohid qatnashib, anjuman ishtirokchilariga Erkin Vohidov va uning ijodi haqidagi yorqin xotiralarni soʻzladi.