SpaceX yog'ochli sun'iy yo'ldoshni koinotga olib chiqdi

    Yaponiyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan, dunyodagi birinchi yog'ochli sun'iy yo'ldoshga aylangan LignoSat, SpaceX missiyasi doirasida uchirildi, deb xabar bermoqda Reuters.

    Kioto universitetida ishlab chiqilgan sun'iy yo'ldosh Xalqaro koinot stansiyasiga yetkaziladi va Yerdan taxminan 400 kilometr balandlikdagi orbitaga chiqariladi. Xabarda missiya qayta tiklanadigan materiallarning imkoniyatlarini namoyish etishi ta'kidlangan.

    “Yog'och, ya'ni mustaqil tarzda o'zimiz ishlab chiqarishimiz mumkin bo'lgan material yordamida biz uylar qura olamiz, koinotda abadiy yashay va ishlay olamiz”, dedi Kioto universiteti tadqiqotchisi va sobiq astronavt Takao Doi. Uning jamoasi kelgusi 50 yil ichida Oy va Marsda daraxt ekish va yog'och uylar qurishni ham rejalashtirmoqda.

    Kioto universiteti professori Koji Murat yog'och koinotda Yerdagidan ko'ra mustahkamroq bo'ladi, deb hisoblaydi. Bu suv va kislorodning salbiy ta'sirining yo'qligi bilan bog'liq, deb xabar beradi lenta.ru.