Shuningdek partiyaning bosh tayanchi hisoblangan boshlangʻich partiya tashkilotlari, Xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari hamda partiyaning faol aʼzolari faoliyati bilan ham tanishdi.
Ishchi guruh asosan, Andijon viloyatidagi partiya faoliyatini atroflicha oʻrganib tanqidiy tahlil qilish, mahalliy Kengash deputatlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, hududda saylovchilarga berilgan vaʼdalarning bajarilishini oʻrganish maqsadida tashrif buyurgan.
Delegatsiya dastavval Andijon shahridagi “Digital City” texnoparkida kutib olindi. Ular texnoparkning sharoitlari, ofis-xonalari, kovorking markazi, kutubxona, laboratoriyalar, anjumanlar zali, sport zali, media-markazi, biznes inkubator va maʼlumotlar markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Andijon shahar markazida qad roslagan 5,6 gektar maydonda qurib bitkazilgan ushbu majmua axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, dasturiy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilib kelmoqda. Hozirda bu yerga tumanlardan 328 nafar yosh mutaxassislar jalb etilgan.
Partiya raisi Alisher Qodirov texnoparkda faoliyat olib borayotgan IT sohasi mutaxassislari bilan suhbatlashib, yoshlarning kreativ fikrlashi - innovatsion texnologiyalar asrida zarurat ekanligi taʼkidladi. Texnopark chinakam yoshlar uyiga aylanishiga ishonch bildirdi. Yoshlar oʻz faoliyatlari haqida xususan, aynan ushbu maskanda yoshlar bandligini taʼminlash, maktab bitiruvchilarini frilans bozoriga tayyorlash borasidagi ishlar yuzasidan axborot berdilar.
Bundan tashqari texnopark majlislar zalida Spiker oʻrinbosari Alisher Qodirov ishtirokida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya boshlangʻich tashkilotlari raislari, ishchi-xodimlar, partiya faol aʼzolari uchun ochiq-muloqot tashkil etildi.
Unda partiya lideri bugungi davr shiddat bilan rivojlanib borayotgani, bir oz muddatga tin olish koʻplab imkoniyatlarni barbod qilishini uqtirdi. Partiya safida birlashgan nafaqat ishchi-xodimlar balki har bir aʼzo uning gʻoyalari ijrosi uchun oʻz hissasini, ulushini qoʻshmogʻi shartligini taʼkidladi. Mamlakatimizda joriy etilgan koʻp partiyaviylik tizimi, oʻtgan saylovda raqobatdoshlarimiz soni yana bittaga ortgani, saylovchilarning huquqiy, siyosiy savodxonligini oshib borayotgani har bir deputatni, har bir partiya xodimini mulohaza qilib, hushyorlikka undamogʻi kerakligini aytib oʻtdi.
Ochiq-muloqotda partiya aʼzolari oʻz talab va takliflarini erkin muhokamaga tashladilar. Partiya rahbari bildirilgan takliflar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Mutasaddi tashkilotlar koʻmagida hal boʻladigan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Ochiq-muloqot yakunida “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakati doirasida saxovat tadbirlarini tashkil etganligi, saylovchilar muammolarini hal etishda jonbozlik koʻrsatgani uchun bir guruh mahalliy Kengash deputatlari taqdirlandi.
Jumladan viloyat Kengashi deputati, «Grand farm trade» kompaniyasi Andijon viloyat hududiy filiali rahbari Qahramonjon Otaxonov “Sahobat va koʻmak” umummilliy harakati doirasida 17 mld.dan ortiq saxovat ishlarini amalga oshirgani, saylovchilarning ellikdan ortiq murojaatlarini deputatlik soʻrovlari orqali hal etganligi uchun partiya Markaziy Kengashining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi. Shuningdek viloyat Kengashi deputati Murodjon Sulaymonov 120 mln.dan ortiq xayriya yordamlarini amalga oshirganligi hamda Sardoba suv ombori falokati 406 mln.soʻm mablagʻlar evaziga 2 ta uy qurib berganligi, yoshlarni ish bilan taʼminlashda koʻmaklashgani, yoshlar sport maydonchalarini qurib, foydalanishga topshirgani uchun partiya Markaziy Kengashining eʼtirofiga sazovor boʻldi. Andijon shahar Kengashi deputati Muxtor Xalilovga pandemiya sharoitida 100 mln.dan ortiq xayriya ishlarini tashkil etgani uchun partiya Markaziy Kengashining tashakkurnomasi topshirildi.
Partiya faoliyati yoʻnalishida 2020-yilning birinchi yarim yilligida “Eng namunali BPT raisi” deb topilganligi uchun Xoʻjaobod tumanidan Shodligoy Soliyeva, Andijon shahridan Matluba Mirzaolimova, Marxamat tumanidan Nurmuhammad Sarbolayevlarga partiya Markaziy Kengashining tashakkurnomalari topshirildi.
“Eng faol partiya aʼzolari” yoʻnalishida “Hunarmand” uyushmasi viloyat boʻlimi boshligʻi Shahlo Soliyeva, Andijon mashinasozlik instituti maʼnaviyat boʻlimi boshligʻi Muhtaram Xoliqova, “Zulfiya” mukofoti sovrindori Zulfira Noʻmonova ham maxsus tashakkurnomalarga ega boʻldilar.
Ishchi guruh viloyatdagi partiya tizimida ishlovchi barcha xodimlar bilan yakka tartibda uchrashuv tashkil etdi. Shu davrga qadar amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalari bilan tanishdi.
Kunning ikkinchi qismida ishchi guruh viloyatdagi faoliyatiga ruxsat berilgan umumtaʼlim maktablariga tashrif buyurib, pandemiya sharoitiga moslashganligi, xususan oʻquvchilar uchun qay darajada qulay sharoit yaratilganligini oʻrgandilar. Xususan, Andijon shahridagi 13-umumtaʼlim maktabi oʻquv jarayonlari, pandemiya talablari asosida yaratilgan gigiyenik sharoitlar, oʻquvchilar uchun xavfsiz taʼlimni taʼminlanganlik holatlari koʻzdan kechirildi.
Oʻrganishlar boʻyicha yakuniy xulosalar umumlashtirilib, istiqbolli chora-tadbirlar rejalari tuzildi.