Afsonaviy sportchi Oksana Chusovitina maxsus sport maktabi ochilayotgani bejiz emas. Chusovitina ilk bor 1992-yilda Barselona Olimpiadasida ishtirok etgan boʻlsa, oʻshandan buyon uzluksiz sakkiz marta ushbu nufuzli musobaqada qatnashdi. Bu dunyo sporti tarixida haqiqatan betakror holat boʻlib, oʻzbek sportchisining Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilganidan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Olimpiya, jahon va Osiyo oʻyinlarining bir necha bor gʻolibi, koʻplab xalqaro musobaqalar sovrindori Bahodir Jalolov nafaqat oʻzbek boksi rivojiga, balki dunyoda ushbu sportning yanada ommalashuviga katta hissa qoʻshayotgan sanoqli sportchilardan biridir. Bugun minglab yoshlar aynan ushbu faxrni sportchimiz kabi bokschi boʻlishni orzu qilib, sport maktablariga kelayotgani ham B. Jalolovga berilgan bahodir.
Qarorda Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov sport mahorat maktablarining asosiy vazifalari, moliyalashtirish manbalari belgilandi. Ularni zarur sport anjomlari va uskunalar bilan jihozlash, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish uchun davlat byudjetidan har bir maktab uchun jami 25 milliard soʻm ajratiladi. Shuningdek, maktablarda ishlaydigan xodimlarning mehnatini ragʻbatlantirish Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan amalga oshiriladi.
2022-2023-oʻquv yilidan faoliyatini boshlaydigan zamonaviy gimnastika maktabi Toshkent shahrining Mirobod tumani, Sarikoʻl koʻchasi, 24-uy manzilida, boks maktabi esa Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-umumiy oʻrta taʼlim maktabi hududida tashkil etiladi. Gimnastika maktabining umumiy kontingenti jami 165 nafarni tashkil etib, ular maktab oʻquvchilaridan iborat boʻladi. Boks maktabining kontingenti esa jami 175 nafarni tashkil etib, maktabga asosan 5—11-sinf oʻquvchilari qabul qilinadi.
Maxsus sport maktablarini tashkil qilishdan bosh maqsad turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalar – Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqa sport turnirlarida Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilishga qodir xalqaro miqyosdagi sportchilarni tayyorlashdir. Bu saʼy-harakatlar yaqin yillarda oʻz natijasini koʻrsatishi turgan gap. Chunki Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov kabi sportchilar qoʻlida tahsil olgan shogirdlar albatta, xalqaro arenalarda ustozlari kabi katta natijalarni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston nomini yanada dunyoga tanitishga harakat qilishiga shubha yoʻq.
Laziz HASANOV,
xalq deputatlari Yakkasaroy tuman Kengashi deputati,
Oʻzbekiston taekvondo (ITF) milliy assotsiatsiyasi prezidenti