Anjumanda Qarshi shahrida bir guruh shaxslar tomonidan sport murabbiyi Elbek Rahimovning oʻldirib ketilgani bilan bogʻliq jinoyat tafsilotlari haqida maʼlumot berildi.

Anjumanda Oliy sud raisi Kozimjon Komilov mazkur voqeaga toʻxtalib, bu boʻyicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda oʻtkazilishini maʼlum qildi.

«Tergov ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq. Kim aybdor boʻladi, men bilmayman. Lekin ularning ishi ochiq sudda koʻriladi va unda jurnalistlar, blogerlar bemalol qatnashishi mumkin boʻladi», dedi Oliy sud raisi.

Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov ichki ishlar xodimlariga 102 orqali jinoyat haqida xabar soat 9:49 da kelib tushgani, xodimlar voqea yuz bergan joyga xabar tushgandan soʻng, 21 daqiqa oʻtib, soat 10:10 da yetib borgan va ish boshlagani haqida soʻzlab berdi.

Uning qayd etishicha, jinoyat tashkilotchisi ekani aytilayotgan Z. B. 18-avgust kuni Chiroqchi tumanidagi yashirinib yotgan joyidan soat 17:05 da topilgan. Uning otasi oʻz ukasining xotinini oʻldirib, hozir qamoqda oʻtiribdi.

— Bu ikki guruh oʻrtasidagi janjal musobaqadagi kelishmovchilikdan boshlangan. Birining ukasi, yana birining shogirdi bahslashgan. Biri yutgan, biri yutqazgan. Shundan kelishmovchilik boshlangan, lekin hech kimga xabar berilmagan, — deydi ichki ishlar vaziri, — Marhum yonida pnevmatik qurol olib yurgan, mashinadan ham chiqqan. Pnevmatik toʻpponcha havo va gaz bilan tayyorlanadigan qurol desayam boʻladi. Hozir Qarshi va Toshkentdagi qurol doʻkonlarida sotilyapti.

Vazirning aytishicha, ayni paytda qurol doʻkonlarini tartibga solish boʻyicha hujjat tayyorlanmoqda. Hozirga qadar boʻlgan davrda sotilgan qurollarning esa hisobi yuritilmagani taʼkidlandi.