Sport, madaniyat, madaniy meros va turizm sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi va uning quyi tarmoqlari tomonidan Prezidentning 05.11.2021 yildagi "Sport-ta'lim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi to'g'risida"gi PQ-5280-son va "2024 yil Parij shahrida (Frantsiya) bo'lib o'tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o'yinlariga O'zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to'g'risida"gi PQ-5281-son qarorlari hamda sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi davlat sport tashkilotlari va sport-ta'lim muassasalarida o'rganildi.

O'rganish doirasida 127 ta tekshirish o'tkazilib, 948 ta prokuror nazorati hujjatlari qo'llanildi va 356 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

Shuningdek, 463 ta obektlarda o'rganishlar o'tkazilib, 26,1 mlrd. so'mlik etkazilgan zarar aniqlandi.

Tekshirish davomida 9,8 mlrd. so'mlik zarar undirilib, qo'pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 65 ta jinoyat ishlari qo'zg'atildi.

Xususan, 2019-2021 yillarda:

— sport-ta'lim muassasalari ehtiyojlari uchun ajratilgan 19 ta holatda 6,4 mlrd. so'm;

— sport muassasalarini qurish va ta'mirlash uchun 17 ta holatda 11,8 mlrd. so'm;

— sport jihozlarini sotib olish uchun 6 ta holatda 2,7 mlrd. so'm;

— o'tkazilmagan o'quv mashg'ulot yig'inlari uchun 5 ta holatda 1,4 mlrd. so'm byudjet mablag'lari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Sportni rivojlantirish vazirligi va tizim idoralari  mutasaddilari, shuningdek, Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Sh.Nazarov ishtirokida tizimda aniqlangan qonun buzilishi holatlari muhokama qilinib, ularni bartaraf etish va kelgusida yo'l qo'ymaslik bo'yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi, deya rasmiy telegram kanali orqali Bosh prokuratura xabar bermoqda.