Keyingi yillarda aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni keng targʻib qilish borasida koʻp ishlar qilindi. Mahallalarda, koʻp qavatli uylar atrofida “Salomatlik yoʻlaklari”, sport maydonchalari qurildi, taʼlim muassasalarida sport toʻgaraklari ochildi, maktab-internatlar ish boshladi. Toʻgʻri ovqatlanish borasida aniq chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Pirovarida, xalqimizning oʻz salomatligiga boʻlgan qarashlari tubdan oʻzgardi. Bugun oilaviy sport sayriga chiqqan, farzandlarini, nabiralarini yetaklab sport toʻgaraklariga qatnayotgan kishilarni koʻp uchratamiz. Bir soʻz bilan aytganda, sport biz uchun qalb ehtiyoji, ruhiy kayfiyat tantanasiga aylandi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida sogʻlom turmush tarzi naqadar muhim ekani yana-da yaqqol namoyon boʻldi. Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ana shu sinovli kunlarda hayotiy qudrati bilan muhim ahamiyat kasb etdi. Sogʻlom turmush tarzi jismoniy tarbiya va sport bilan uygʻunlashadi.
Mamlakatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommaviy sogʻlomlashtirish harakatlarini targʻib qilish, xalqaro maydonlarda ham yurtimiz nufuzini oshirish borasida qilinayotgan ishlar haqida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek QOSIMOV bilan suhbatlashdik.
— Sport haqida gap ketganida, avvalo, olimpiya harakati gʻoyasi, maqsad va vazifalari haqida aytish oʻrinli. Asosiy gʻoya, bu — birinchidan, aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni keng targʻib qilish hamda ommalashtirish, — deydi O.Qosimov. — Barcha mamlakatlarda ham jismoniy tarbiya va sport vazirligi yoki davlat bosh qaruvi shaklidagi muassasa boʻlmasligi mumkin, lekin Xalqaro olimpiya qoʻmitasining tashkilotlari butun dunyoda bor. Bu olimpiya harakati asosida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, shu orqali aholining barcha qatlami salomatligini mustahkamlash uchun zoʻr imkoniyat, degani.
Koʻpchilik jismoniy tarbiya va sportni bitta tushuncha, deb biladi. Lekin jismoniy tarbiya va sport mazmun-mohiyati bilan bir-biridan farq qiladi. Sport uning maʼlum bir turi bilan muntazam, professional darajada shugʻullanish, xalqaro miqyosda yutuqlarga erishish boʻlsa, jismoniy tarbiya koʻproq aholi sogʻligʻi uchun foydali mashgʻulotlarni qamrab oladi.
Jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishning naqadar muhimligi pandemiya sharoitida yaqqol sezildi. Sogʻlom odamlarning virus yuqtirish holati kam kuzatildi yoki uni yengil oʻtkazdi. Salomatligi tiklanish jarayoni ham oson kechdi. Sportchilarimiz oʻrtasida esa koronavirusga chalinganlar juda kamchilikni tashkil etdi, yoʻqotishlar boʻlmadi.
Gap xalqimiz salomatligi, kelajak avlodning jismoniy va maʼnaviy qiyofasi haqida borar ekan, Oʻzbekiston bugun toʻgʻri yoʻlda ekaniga amin boʻlamiz. Bir misol keltiramizki, u siz bilan suhbatimiz davomidagi barcha fikrlarimizga, mushohadalarimizga asos boʻladi: Prezidentimiz har doim aholini davolashdan koʻra, sogʻlom turmush tarziga jalb qilish orqali kasallikka chalinishining oldini olish afzal ekani haqida qaygʻurib keladi. Oʻtgan yillar mobaynida shu darajaga erishyapmiz ham. Xalqimiz orasida sogʻlom turmush tarzini tanlab, salomatligini mustahkamlab kelayotgan fuqarolar kun sayin koʻpchilikni tashkil etmoqda. Shu jarayonda jahon va Olimpiada oʻyinlari chempionlari boshqalar uchun namuna boʻlyapti.
Olimpiya harakatining ikkinchi yoʻnalishi, bu, albatta, sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash va mamlakat nufuzini dunyo miqyosida koʻtarish.
Keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonda sport siyosat darajasiga chiqdi. Oʻtgan 4 yilda jismoniy tarbiya va sportga doir Prezidentimizning oʻndan ortiq farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 100 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Ular asosida Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasi tubdan yangilandi.
Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan yurtimizda sogʻlom turmush tarzi boʻyicha boshlangan ishlar, ommaviy sportni targʻib etish chora-tadbirlari yangi bosqichda rivojlanyapti. Farmon asosida maktablardagi sport zallarida aholining sport bilan shugʻullanishi uchun imkoniyatlar yaratildi. Bu ham juda kerak edi. Chunki hammada ham, har doim zalga borib, pul toʻlab sport bilan shugʻullanish imkoni boʻlavermaydi. Mablagʻ va alohida sharoit talab qilmaydigan sport bilan shugʻullanish yoʻlga qoʻyildi.
Aytaylik, sportcha yurish, yugurish, turnikda tortinish yoki velosport, basketbol, badminton, stol tennisi bilan shugʻullanish uchun oddiy yoʻlak, nari borsa kichik maydoncha kifoya. Oldinlari mahallalarda ana shu sport turlari bilan shugʻullanish uchun ham sharoit boʻlmagan. Bugun qaysi mahallaga kirsangiz sport maydonchalari borligiga yoki qurilayotganiga guvoh boʻlasiz. Har kuni qayerdadir oddiy aholi, havaskor va professional sportchilar oʻrtasida musobaqalar, sport tadbirlari tashkil etilayotgani haqida xabarlarni oʻqishingiz mumkin. Ommaviy yugurish, toʻrt-besh ming qadam piyoda yurish, velomarafonlar oʻtkazish, musobaqalarda oilaviy ishtirok etish yaxshi anʼana tusini oldi. Bularning barchasiga Prezidentimizning yuqorida tilga olgan farmonida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun moliyaviy manbalar belgilab berilgani asos boʻldi.
— Olimpiya harakatining ikkinchi yoʻnalishi — sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash va mamlakat nufuzini oshirish haqida gapirdingiz. Bu — katta sport. Sportchilarimiz oldida Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlari turibdi. Nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni qanday ketyapti?
— Ha, shu kunlarda Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlik koʻryapmiz. Bu haqda gapirishdan oldin 2012-yili London shahri mezbonlik qilgan Olimpiada xulosalariga toʻxtalsak.
Oʻsha Olimpiadada 53 sportchimiz Oʻzbekiston sharafini himoya qildi. Faqatgina bitta oltin (Artur Taymazov) hamda ikkita bronza medal (Rishod Sobirov va Abbos Atoyev) qoʻlga kiritildi. Bu muvaffaqiyatsizlikdan keyin ustuvor sport turlari tanlab olindi va davlat tomonidan mablagʻ ajratilishiga erishildi. Keyingi Olimpiadaga qadar maxsus dastur asosida tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Bu chora-tadbirlar 2016-yili Rio-de-Janeyroda oʻtgan XXXI yozgi Olimpiada oʻyinlarida oʻz natijasini berdi. Shu yili oʻzbekistonlik sportchilar toʻrt oltin, ikki kumush va yetti bronza medalni qoʻlga kiritdi va 207 mamlakat oʻrtasida 21-oʻrinni zabt etdi. Bu juda yaxshi koʻrsatkich boʻldi. Shundan keyin davlatimiz rahbarining alohida topshirigʻi asosida tahlillarni davom ettirdik.
Nima uchun sportchilarimiz koʻproq yakka kurash turlarida ishtirok etib, gʻalabaga erishyapti-yu, jamoaviy oʻyinlarda Olimpiya oʻyinlariga litsenziyani qoʻlga kiritish biroz qiyin boʻlyapti, degan savolni oʻrtaga tashladik.
Bugun vaziyat boshqacha tus olgan. Tokio Olimpiadasiga velosport, beshkurash boʻyi cha ham litsenziyalarni qoʻlga kiritdik. Sport turlari va litsenziyalar soni boʻyicha ham oʻsish bor.
— Keyingi yillarda Milliy olimpiya qoʻmitasi faoliyatiga doir oʻzgarishlarni sanab oʻtsangiz. Islohotlar epkini nimalarda sezilyapti?
— Milliy olimpiya qoʻmitasi barcha sport federatsiyalari faoliyatini haqiqiy maʼnoda muvofiqlashtiruvchi asosiy tashkilotga aylandi. Moliyalashtirish tizimida ham maqbul oʻzgarishlar boʻldi. Har bir sport turini rivojlantirish uchun davlat tomonidan zarur mablagʻ ajratilyapti, moliyaviy manbalar aniq koʻrsatilmoqda. Avvallari biron sport turini rivojlantirish uchun homiylar koʻmagiga suyanilar edi. Hozir davlat byudjetidan mablagʻlar ajratilishi yoʻlga qoʻyildi. Talab esa bitta: aniq natijaga erishish.
Milliy olimpiya qoʻmitasida 24 soat ishlaydigan shtab tashkil etildi. Federatsiyalarning, sportchi yoki murabbiyning qanday masalasi boʻlsa, murojaat qilishi mumkin. Va tezkor hal qilish choralari koʻriladi. Tibbiy diagnostika markazi faoliyati tubdan yangilandi. Farmakolog, diyetolog, psixologlarni jalb qildik. Ular sportchining qanday ovqatlanishi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligi, nimalarga eʼtibor qaratishi kerakligini doimiy nazorat qilib boradi.
Yaxshi natijalarga erishgan sportchilar va ularning murabbiylariga stipendiya berish, moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi. Xorijdan malakali murabbiylarni, sport mutaxassislarini jalb qilish borasida ham samarali ishlar qilinyapti.
— Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan sportchi nazoratda turadimi? Uning qanday ovqatlanishi, jismoniy va ruhiy tayyorgarligi, tarkibida doping bor mahsulotlarni isteʼmol qilib qoʻymasligi kafolatlanganmi?
— Doping masalasi juda murakkab. Bitta sportchi Olimpiadaga yoʻllanmani qoʻlga kiritishi uchun katta mablagʻ sarflanadi. Sportchi bilmasdan biron narsa isteʼmol qilsayu tarkibida doping aniqlansa, shuncha qilgan harakat havoga uchib ketadi.
Shularni hisobga olib, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yildan Milliy antidoping agentligi tashkil etildi. Bu agentlik mutaxassislari doimiy ravishda sportchilarning toʻgʻri ovqatlanishi, yashash tarzini nazorat qilib boradi. Seminar-treninglar oʻtkazadi.
Biz hozir sportchi, uning murabbiyi va federatsiya yoki Milliy olimpiya qoʻmitasi oʻrtasida uch taraflama shartnoma tuzish mexanizmini tatbiq etyapmiz. Agar sportchida doping aniqlansa har uch taraf oʻz vakolatlari va majburiyati doirasida qonun oldida javobgar boʻladi.
— Olimpiada oʻyinlarida har bir mamlakat delegatsiyasi milliy ramzlari ask etgan maxsus sport kiyimida ishtirok etadi. Xabarlarga koʻra, Tokioda oʻtadigan Olimpiadada Oʻzbekiston jamoasining formasi oʻzgaradi. Shundaymi?
— Ha. Sportchilar uchun tayyorlangan kiyimlar bu yil birinchi marta mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etildi. Oldin har doim Oʻzbekiston sportchilarining oq-koʻk rangli kiyimiga koʻz oʻrganib qolgan edi. Bu yil yashil rangdan ham foydalanilgan, shuningdek, milliy naqshlarni koʻrishingiz mumkin. Nasib qilsa, Tokio maydonlarida oʻzbekistonlik sportchilar yangi sport kiyimida ishtirok etadi.
— 2025-yilda yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlariga Toshkent mezbonlik qiladi. Oʻzbekistonda bu kabi nufuzli musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha yaxshi tajriba toʻplangan. Shunday boʻlsa-da, Osiyo oʻyinlarining oʻziga xos masʼuliyati bor. Tayyorgarlik jarayoni hozirdan boshlanganidan xabardormiz. Toʻliqroq maʼlumotni oʻzingizdan eshitsak.
— Bizda shu paytgacha jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalar, Markaziy Osiyo oʻyinlari oʻtkazilgan, lekin Osiyo oʻyinlari boʻlmagan.
Dunyo miqyosida nufuzli musobaqa sanalgan Osiyo oʻyinlarida 45 ta davlatdan 14-17 yoshli sportchilar ishtirok etadi. Tayyorgarlikni boshlab yuborganmiz.
Oʻzi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishni biron shaharga berishdan oldin ishchi guruh jiddiy oʻrganib chiqadi. Bunda aeroportdan tortib shahar koʻchalari, iqlim, mehmonxonalar holati kabi koʻp mezonlar eʼtiborga olinadi. Xalqaro ishchi guruh Toshkentga kelib, musobaqani oʻtkazish boʻyicha imkoniyatlarni, koʻrilayotgan tayyorgarlik jarayonini oʻrganib ketdi. Xulosalar yaxshi.
Osiyo oʻyinlariga qaysi sport turlarini kiritish borasida Osiyo olimpiya qoʻmitasi bilan muzokaralar olib boryapmiz. Ular orasida milliy kurashimiz ham bor. Musobaqalarni oʻtkazish uchun sharoitimiz yetarli. Toshkent viloyatining Qibray tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilmoqda.
— Sportda iqtidorlarni aniqlash, yaʼni seleksiya masalasi ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bizda bu borada qanday ishlar amalga oshirilyapti?
— Seleksiya masalasi juda dolzarb boʻlib turibdi. Shu paytgacha, seleksiya qanday amalga oshirilgan? Ochigʻi, umidli deb topilgan iqtidorlilar otasi qoʻlidan yetaklab sport seksiyasiga olib kelgan bolalar ichidan tanlangan.
Bir voqeani aytib beray. Bir kuni Shohimardonga bordik. Sovuq, koʻylakchan bir bola ikkita chelakni koʻtarganicha oldimizdan oʻtib, tepalikka chiqib ketdi. Shu bolaga yetib oldik. Koʻrishdik, qoʻli qattiq, bilaklari chayir. Qaysi sport bilan shugʻullanasan, desak, “yoʻq, sport bilan shugʻullanmayman”, dedi.
Uning baquvvatligini koʻrsangiz. Qani endi nayza uloqtirish boʻyicha shunaqa yigitlarni topsak, yakka kurashlarda-ku zoʻr natija koʻrsatadi. Unga ozgina eʼtibor qaratib, farmakologiyasini tiklab, shugʻullantirsangiz dunyoni zabt etadigan sportchi yetishib chiqishiga shubha yoʻq.
Mana seleksiya. Qishloqma qish loq yurib, uyma-uy kirib tugʻma sportchilarni topish seleksionerlarning vazifasi. Hozir shuning ustida ishlayapmiz. Xudo xohlasa, yaqin yillarda bu borada ham jiddiy oʻzgarishlar boʻladi.
Umuman, oldimizda rejalar koʻp, katta marralarni maqsad qilganmiz. Shu yil oxirigacha mamlakatimizda 30 ga yaqin yirik xalqaro musobaqalarni oʻtkazishga kelishganmiz. Sport turizmi boʻyicha koʻrgazmali materiallar qilib xorijdagi elchixonalarimiz orqali yurtimizdagi keng imkoniyatlarni targʻib qilyapmiz. Bizda ham xalqaro talablarga javob beradigan sport bazalari bor. Xorijlik sportchilar kelib, bu yerda mashgʻulot oʻtishi, tarixiy obidalarimizga, tabiat qoʻynidagi sayyohlik manzillariga borishi mumkin.
Oldimizda katta sport bayrami — Tokio Olimpiadasi turibdi. Yaratib berilgan imkoniyat, sharoitlardan unumli foydalanib, sportchilarimizga, bizga bildirilgan ishonchni toʻliq oqlab, yaxshi natijalarni qoʻlga kiritishni maqsad qilganmiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Ulugʻbek ASROROV suhbatlashdi.