Rossiya Federatsiyasi Hukumati pandemiya tufayli bahordan beri amalda boʻlib kelayotgan cheklovlarni sportchilar va murabbiylar uchun bekor qildi. Bosh vazir Mixail Mishustin bu haqdagi qarorni imzoladi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalganligi tufayli Rossiya hududiga boshqa chet ellik fuqarolar qatorida sportchilar ham kela olmayotgandi, deb xabar beradi Rossiyskaya gazeta. May oyida sportning asta-sekin tiklanishi oʻrnatilgan tartibning bir oz yengilashishiga olib kelgandi. Cheklovlar birinchi boʻlib Rossiya bilan amaldagi mehnat shartnomasi borlar uchun bekor qilina boshladi.

Endi chet ellik sportchilar, murabbiylar va jismoniy tarbiya sohasidagi mutaxassislar mamlakatga ishchi va gumanitar vizalarga asosan kirib kelishi mumkin. Qaror bilan ular uchun avtomobil va temir yoʻllari, hamda boshqa oʻtkazish punktlari orqali kirib kelish imkoni paydo boʻldi.

Ushbu qaror, shuningdek, xalqaro, jumladan professional sport musobaqalarida qatnashuvchilar uchun ham chegaradan oʻtishni yengillashtiradi.