Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat va jamoat tashkilotlari hamda “Vatanparvar” tashkiloti o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish va chaqiriluvchilar orasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik ishlarini yanada kuchaytirish, sportning texnik va amaliy turlarini yanada ommalashtirish bo‘yicha istiqboldagi qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab olishdan iborat.

“Vatanparvar” tashkilotining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi rahbariyati va hududiy kengashlarining raislari ishtirok etdilar.

Konferensiyada ishtirok etgan vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ushbu tashkilotlarda fuqarolar, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni jismoniy madaniyat va sportga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’ruza qilib, ushbu sohada “Vatanparvar” tashkiloti bilan mustahkam hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, so‘nggi uch yilda “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari tomonidan avtokross, motokross, karting, duatlon, triatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan o‘q otish, modelchilik kabi sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston, MDH, Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori o‘rinlarni egallaganliklarini yuksak e’tirof etdilar. Birgina misol, 2023-yilning 9 oyi davomida tashkilot sportchilari O‘zbekiston milliy jamoalari tarkibida 7 ta xalqaro sport musobaqalarida faol ishtirok etib, shundan 17 ta oltin, 12 ta kumush va 20 ta bronza, jami 49 ta medallarni qo‘lga kiritdilar.

Konferensiya yakunida vazirlik va idoralar hamda “Vatanparvar” tashkiloti o‘rtasida hamkorlikda sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish va chaqiriluvchilar ishtirokidagi ommaviy sport ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, tadbir doirasida tashrif buyuruvchilarga “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi binosi hovlisida tashkilot tizimidagi sport seksiyalari va to‘garaklarining ko‘rgazmalari namoyish etildi. Ayniqsa, zamonaviy “Mohir mergan” pnevmatik quroldan o‘q otish ko‘chma tiri” loyihasi taqdimoti barchada katta taassurot qoldirdi. Ushbu yangi loyihani yo‘lga qo‘yishdan maqsad mahallalar va umumta’lim maktablarida yoshlar o‘rtasida sportning pnevmatik quroldan o‘q otish turi bo‘yicha musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishdan iboratdir.

 

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati