Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturov “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida mahalliy kompaniyalar 2021-yil fevraldan boshlab COVID-19ga qarshi vaksina ishlab chiqarishning maksimal hajmiga erishishni rejalashtirayotganini aytdi.

Vazirlik hisob-kitobiga koʻra, oktyabr oyida 500 ming dona, shu yil oxirigacha esa 2-3 million dona “Sputnik V” ishlab chiqariladi.

Manturovning soʻzlariga koʻra, ishlab chiqarilgandan keyingi har bir bosqichda vaksina fuqarolik muomalasiga chiqarish uchun bir qator zarur tadqiqotlar oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini boshqa mamlakatlarga etkazib berish mavjud korxonalar asosida chet elda qoʻshma korxonalar tashkil qilishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, minglab va yuz minglab dozalarni etkazib berish ichki bozor uchun “ogʻriqsiz” amalga oshiriladi, deb taʼkidladi Denis Manturov.

11-avgust kuni Rossiya dunyoda birinchi boʻlib Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi va Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jamgʻarmasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasini roʻyxatdan oʻtkazdi. Hozirgi vaqtda preparat sinovlarning uchinchi, yakuniy bosqichidan oʻtmoqda, unda 40 mingga yaqin koʻngillilar qatnashadi.