SSV aholini ogohlikka chaqirdi

    Sogʻliqni saqlash vazirligi bugungi kunda hech bir maʼlumotga, huquqqa ega boʻlmagan soxta tabiblar koʻpaygani, aholi vakillaridan ularga aldanib qolmaslikni soʻradi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda tegishli huquqqa ega boʻlmasdan, ruxsat etilmagan usullarni qoʻllagan holda kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash bilan shugʻullanayotgan hamda bu orqali insonlar sogʻligʻi va hayotiga xavf tugʻdirayotgan soxta tabiblar koʻpaygan.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov turli yoʻllar bilan odamlar ishonchiga kirib, shunday «xizmat»larni taklif qilib kelayotgan ayrim shaxslar haqida quyidagicha munosabat bildirdi:

    Ijtimoiy tarmoqlar bu kabi shubhali xizmatlarni keng targʻib qiluvchi platformaga aylanib qoldi, — deydi mutaxassis. — Ularning asosiy auditoriyasi ham, mijozlari ham asosan ogʻir hayotiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarimiz.

    Turli xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy yoʻl va uy sharoitida xalos boʻlishni istaganlar «gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega»ligini iddao qilayotgan bunday kimsalarga murojaat qilib, aldanib qolishmoqda.

    Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan xalq tabobati rivojiga keng yoʻl ochilganidan foydalanib, shaxsiy manfaat ilinjida soxta tavsiyalar bilan odamlarni aldash salbiy asoratlarni yuzaga keltirishini eslatib oʻtmoqchimiz.

    Shuningdek, vazirlik tomonidan mazkur masala boʻyicha qonunchilikka alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.