Xoʻsh, bunday ob-havo sharoitida qanday tibbiy tavsiyalarga amal qilish lozim?

SSV Matbuot xizmati shu savol bilan Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikovaga murojaat qildi.

— Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yoʻtal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yoʻli surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.

Chunki toʻzonli havo tarkibida oʻsimlik changlari, zamburugʻ sporalari juda katta konsentratsiyada boʻladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim.

Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qoʻyish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qoʻyish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.

Derazalarni yopiq holda saqlash, koʻproq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Ogʻiz va burun boʻshligʻini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.

Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor boʻlishlari tavsiya etiladi.

Agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, koʻzlarda va tomoqda qichishish va qizarish, yoʻtal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozim.

Eslatib oʻtamiz, yurtimiz aholisi bunday ob-havo sharoitida zarurat sezganda, “103” xizmatiga murojaat qilib, tunu kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin.

Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda tuman va shahar boʻlimlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda toʻliq taʼminlangan.

Qolaversa, Sogʻliqni saqlash vazirligining “1003” qisqa raqamli Sall-markazi faoliyat koʻrsatmoqda.