Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan oʻrganishlar olib bormoqda. Ushbu tajovuz nima sababdan yuz bergani aniqlashtirilib, jarayonga huquqiy baho berish maqsadida tegishli organlar tomonidan aybdorlarga nisbatan keskin jazo choralari koʻrilishi taʼminlanadi.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli organlarga murojaati natijasida Pastdargʻom tumanida tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan fuqaroga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan edi. Bundan tashqari, joriy yilning 1-mart kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali tez tibbiy yordam shifokori X.Mga xizmat vaqtida fuqaro D.O tomonidan qilingan tajovuz uchun 2021-yil 16-martdagi sud hukmiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasining tegishli qismi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan edi va hozirda fuqaro D.O jazo muddatini oʻtamoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatimizdagi har bir tibbiyot xodimi, jumladan, Namangan shahridagi tajovuzda jabrlangan tibbiyot xodimining manfaatlarini ham qatʼiy himoya qilish uchun qonunda belgilangan barcha choralarni ishga soladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.