Unda umurtqa mushaklari atrofiyasiga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash dasturini amalga oshirish va onkologiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Uchrashuvda kompaniyaning Markaziy va Sharqiy Yevropa, Turkiya, Rossiya, Hindiston subkontinenti boʻyicha rahbari Adriano Treve, Qozogʻistondagi vakolatxonasi rahbari Toylen Senel, Albaniyadagi vakili Anna Savinkina, shuningdek, “Roche”ning Oʻzbekistondagi hamkorlari Olga Chernыx va Shoxida Sorbatti ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, “Roche” dunyodagi eng yirik biotexnologik kompaniyalardan biri boʻlib, AQSH, Germaniya, Shveysariya va Singapurda ishlab chiqaruvchi korxonalariga ega. U onkologiya, immunologiya, yuqumli kasalliklar, oftalmologiya va markaziy asab tizimi kasalliklari uchun tabaqalashtirilgan dori vositalari ishlab chiqaruvchi va “in vitro” diagnostika, toʻqimalarga asoslangan saraton diagnostikasining yetakchi provayderi hisoblanadi.

Muloqot chogʻida vazir Amrillo Inoyatov tashkilot vakillariga keng koʻlamli va uzoq muddatli hamkorlik, jumladan, ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan preparatlarning mintaqaviy lokalizatsiyasini mamlakatimizda tashkil etish taklifini berdi.

Yurtimizga biotexnologiya asosida ishlab chiqarishning kirib kelishi farmatsevtika sanoatida inqilobiy hodisaga aylanishi, shubhasiz. Kompaniya mutaxassislarining taʼkidlashicha, buning uchun bir necha yillik tayyorgarlik va mustahkam moddiy-texnik baza shakllanishi lozim. Bu boʻyicha kelgusida muloqotlar davom etishi kelishib olindi.

Uchrashuv soʻngida spinal mushak artofiyasiga chalingan bemor bolalar uchun genetik preparatlarni xarid qilish boʻyicha memorandum imzolandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.