Xususan, oxirgi 4-5 kunda mamlakatimizda kasallanish holatlari soni keskin ortgani, kunlik koʻrsatkichlar 600 tadan oshgani barchani jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, bu holat “Tez yordam”ga boʻlgan talab va kunlik chaqiriqlar soni ortishiga ham sabab boʻlayotir. Buni “103” xizmatiga kelib tushayotgan murojaatlar sonidan ham bilish mumkin. Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yilning 1-10-yanvar kunlari Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 349 ming 436 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining koʻtarilishi boʻyicha 32 ming 400 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 1338 ta murojaat qayd etildi.

Taqqoslash uchun, 2021-yil dekabr oyi dastlabki oʻn kunligida “Tez yordam”ga murojaatlar soni 320 ming 980 tani tashkil qilgan edi. Shuningdek, yanvar oyining ilk kunlari “103” xizmatiga bir kunda oʻrtacha 34 ming 600 ta chaqiriq qabul qilingan boʻlsa, 9-10-yanvar kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga yetdi. Taʼkidlash lozimki, mana shunday murakkab sharoitda mamlakatimiz tibbiyot xodimlari, xususan, “Tez yordam” xizmati brigadalari xalqimizni koronavirus kasalligidan himoya qilish, aholiga oʻz vaqtida sifatli tez tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida tunu kun xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, soʻnggi kunlarda poytaxt aholisi orasida COVID-19ga chalinish holatlari soni keskin ortishi natijasida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi brigadalari tigʻiz ish sharoitda faoliyat yuritayotir.

— Dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq holat juda tez oʻzgarmoqda, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BOʻRIBAYEV. — Ayniqsa, Omicron shtammi sababli vaziyat ancha murakkab. Buning ustiga yurtimizda ham ushbu xavfli mutatsiyaga chalingan ilk bemor qayd etilgani, har birimizdan karantin qoidalariga yanada eʼtiborli boʻlishni taqozo etadi.

Afsuski, soʻnggi kunlarda Toshkent shahar aholisi orasida COVID-19ga gumon qilingan, kasallik tasdiqlangan hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga chalingan fuqarolar tomonidan “103” xizmatiga tez-tez murojaatlar boʻlmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-10-yanvar kunlari shahar “Tez yordam”ga jami 36 ming 925 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining koʻtarilishi boʻyicha 8636 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 663 nafar bemor murojaat qildi. Shuningdek, jami 5751 nafar bemor gospitalizatsiya qilindi.

Maʼlumot uchun aytsak, oʻtgan 2021-yilning ayni shu davrida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga kelib tushgan umumiy chaqiriqlar soni 20 ming 869 ta, gospitalizatsiya qilingan bemorlar esa 3385 tani tashkil qilgan edi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.