Jonlantirish boʻlimidagi bemorlar umriga umr qoʻshib turgan, ularga eng muhim hayotiy neʼmat — nafas ulashayotgan vositalar ham shular — tibbiyot uskunalari. Xoʻsh, shunday sharoitda shifoxona bir kun, bir soat, qoʻyingki, 10 daqiqa elektr taʼminotidan butunlay uzilib qolishi qanday ogʻir oqibatlarga olib kelishini tasavvur qila olasizmi? 

Bunday noxush holatlarga yoʻl qoʻymaslik, ularning oldini olish uchun davlatimiz, hukumatimiz doimiy harakatda. Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi tegishli qarori ijrosi doirasida joriy yilda jami 1 789 ta sogʻliqni saqlash muassasasiga 18 450 kVt quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatish rejalashtirilgan.

Bu borada belgilangan vazifalar izchil bajarilmoqda. Muqobil energiya manbalarini kechiktirmay oʻz manzillariga yetkazish va ishga tushirish choralari koʻrilyapti. Jumladan, yil boshidan buyon respublika hamda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 1145 ta tibbiyot obyektiga 7946 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatildi. Sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻlar doirasida iqtisod qilingan 24,5 mlrd. soʻm ham shu maqsad uchun yoʻnaltirildi: 375 ta mahalla tibbiyot punkti, 50 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalarga 2 352 kVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatildi. 

Joriy yil yakunigacha bunday muqobil energiya manbai bilan taʼminlangan tibbiyot muassasalari soni 1 789 taga yetgach, oʻrnatilgan jami quvvati 18 450 kVtga teng quyosh panellari orqali yiliga 45,7 mln. kVt elektr energiyasi hamda 46,2 mlrd. soʻmni iqtisod qilishga erishiladi.

Quyosh energiyasi orqali yuqori quvvat bilan ishlovchi texnologiyalarni qanday ishlatish mumkin? Buning ham yechimi bor. Joriy yil boshida tibbiyot muassasalarida 696 ta dizel generatoridan foydalanib kelinayotgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan joylardagi shifo maskanlariga 515 ta qoʻshimcha dizel generatori yetkazilib, ishga tushirildi.

Bu borada belgilangan vazifalarni kelgusida ham bosqichma-bosqich davom ettirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.