Лого Лого-пв-уз

    Yil yakuniga qadar “Tez yordam”ga yana 610 dona A toifali “Volkswagen Caddy” avtomashinalari beriladi

    A toifali 50 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari Qashqadaryo va Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmalari tizimidagi "103" shaxobchalariga yetkazib berilmoqda.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

    Dunyo tajribasida tez tibbiy yordam xizmatidagi avtotransport vositalarini ishlatish muddati oʻrtacha 5-8 yilni tashkil etadi. Taʼkidlanishicha, yurtimizda ham foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan mashinalarni yangilash lozimligi belgilangan.

    Shu sababli “103” xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari koʻrilmoqda. Bugungi tadbir esa bu ishlarning amaliy ifodasi boʻlib, yil yakuniga qadar yana 610 dona ana shunday transport vositalari hududlarga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

    Joriy yil yanvar oyida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 110 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari bilan taʼminlandi. Shuningdek, mart oyida “Jizzakh Auto” tomonidan yigʻilgan bu turdagi avtomobillarning yana 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, beshinchi avlod A toifali “Volkswagen Caddy” mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan boʻlib, 6 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega.

    100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilgʻi sarflaydi. Eng soʻnggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu avtotransport vositalari xalqaro talablarga toʻla mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.

    Shuningdek, ular shahar ichida harakatlanish boʻyicha yuqori texnik koʻrsatkichlarga ega boʻlib, oʻtuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, bu avtomobillarda harakatni toʻxtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam koʻrsatish mumkin.