Dunyoning qay bir burchagida yuz bergan ixtilof, baʼzi davlatlar oʻrtasidagi kelishmovchilik, gohida sodir etilgan harbiy toʻqnashuvlar ham inson ulugʻvorligini parokanda qila olmagan. Hattoki oʻtgan asrning tajovuzkor silsilalari boʻlmish Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari ham insoniyat qadri oldida ojiz qolgani bugun sir emas.
Inson qadri tamomila yoʻq
boʻlib ketmasligi haq gap. Shu bilan birga, inson komilligiga xos boʻlmagan har
qanday illat, koʻngil rishtalarini buzuvchi har qanday razillik oʻzining salbiy
izlarini qoldirishi tabiiy.
Ilm-fan rivoji, texnik
taraqqiyot yuksak choʻqqilarni zabt etgan yigirma birinchi asrning ham chorak
qismi ortda qoldi. Inson aql-zakovati ulugʻvorlik kasb etishini, olam sirlarini
inson ongiga moslashtirishni har qadamda kuzatish qiyin emas.
Shu bilan birga, bugungi kunda
dunyo murakkab va chuqur oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Jahonning turli
nuqtalarida qurolli mojarolar yuz bermoqda.
Davlatlar oʻrtasidagi
qarama-qarshilik, sanksiyaviy bosim kabi yangicha tajovuzlar beqarorlik va
noaniqlikka sabab boʻlmoqda. Xalqaro siyosiy va iqtisodiy tartib goʻyoki
buzilish sari yuz tutgan.
Murakkab geosiyosiy
oʻzgarishlar yuz berayotgani deyarli har bir davlat miqyosida ochiq-oydin aks
etmoqda. Davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlik tobora chuqurlashmoqda.
Natijada xavfsizlikka tahdid, tashqi taʼsirning ortishi, imkoniyatlar
tengsizligi va qashshoqlik tobora avj olmoqda.
Keyingi yuz yillikda bir-biri
bilan chambarchas bogʻlanib ketgan dunyo muvozanatini saqlab qolish, mushtarak
qadriyat va neʼmatlar yemirilishining barvaqt oldini olish, inson
ulugʻvorligini asrab-avaylash masalasi har qachongidan ham koʻproq ahamiyat
kasb etmoqda.
Oldindan bashorat qilish
murakkab boʻlgan bu tarzdagi global siyosiy-iqtisodiy jarayonlarda davlatlararo
yangi yoʻsindagi xalqaro tashkilotlarga ehtiyoj sezilishi tabiiy.
Ichki strategik vazifalarni
muvaffaqiyatli hal qilishda xalqaro omillarning ahamiyati sezilarli darajada
oshdi. Davlatlarning ichki va tashqi siyosatida oʻzaro bogʻliq jihatlar namoyon
boʻla boshladi. Bu esa, oʻz navbatida, har bir davlatni milliy rivojlanish uchun
qulay xalqaro muhitni shakllantirishda oʻzining bevosita ishtirokini
kuchaytirishga imkon beruvchi yoʻllarni izlashga undamoqda.
Xavfli jarayonlar davlat
doirasidan chetga chiqib borayotgan bir paytda muammolar girdobidan qanday
qutulish mumkin? Insoniyat qaysi yoʻlni tanlasa, dunyo mamlakatlarining
doʻstona munosabatida izchillik shakllanadi? Saʼy-harakatlar muayyan davlatni
qamrab olsa, maqsadga erishish mumkinmi yoki global yechimni davlatlarning
oʻzaro hamkorligida qidirish zarurmi?
Bu kabi savollar boʻyicha
javoblar ham xilma-xil boʻlmoqda. Quvonarlisi shundaki, Oʻzbekiston yetakchisi
global muammolar yechimi sifatida “konstruktiv muloqot va har bir tarafning
manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama
hamkorlik”ni ilgari surgan. Bu taklifda insonni ulugʻlashga, murakkab
sinovlardan oʻtib kelgan tarixiy qadriyatlarni saqlashga xizmat qiluvchi ilgʻor
gʻoyalar, yaʼni faqat oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan
inklyuziv yondashuvlargina zamonaviy xalqaro hamkorlik konstruksiyasini
mustahkamlashga, adolatli dunyo tartibotini shakllantirishga, oʻzaro ishonch va
xavfsizlikni taʼminlashga qodirligi mujassamlashgan.
Mamlakatlar
oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash tayanchlaridan biri
Siyosiy qutblilik, iqtisodiy bogʻliqlik,
axborot globallashuvi kabi jarayonlar bugungi xalqaro munosabatlarda muhim
mazmunga ega. Xalq ijodiga mansub “birlashgan oʻzar” iborasi global dunyoda ham
oʻz qadriga ega ekani bugun yaqqol namoyon boʻlmoqda. Xususan, biror davlatning
ustuvor qutbga ega boʻla olmasligini soʻnggi oʻn yillik tarix isbotlab berdi.
Davlatlar oʻrtasidagi
hamkorlik zamonaviy dunyoga mos holda turli jabhalarda yoʻlga qoʻyilmoqda.
Mintaqaviy xususiyatga ega xalqaro tuzilmalar shular jumlasidan. Xususan,
mintaqaviy tashkilotlar aʼzo davlatlarga nafaqat xalqaro maydonda umumiy qoida
va xulq-atvor normalari boʻyicha oʻzaro kelishish, balki kelishuvning ijrosini
taʼminlash boʻyicha ham murosa qilish imkonini beradi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro
anglashuvni yanada mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni
rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni
ragʻbatlantirish, shuningdek, yuz berishi mumkin boʻlgan ayrim
kelishmovchilikni yengib oʻtishda ham yordam beradi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin
dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash hamda yangi global mojarolarning
oldini olish uchun moʻljallangan xalqaro institutlar tashkil etilishi eʼtiborga
loyiq tarixiy faktlardan biridir.
BMT tashkil etilishi bunga
yaqqol misol. Shu bilan birga, oʻzaro ziddiyatli vaziyatlar silsilasida
faoliyat koʻrsatgan NATO va Varshava shartnomasi tashkiloti ham ushbu tahlikali
davrning mahsuli.
Yillar sayin xalqaro
munosabatlarning huquqiy arxitekturasi eskirib borayotgani, xalqaro
institutlarga xos tamoyillar ham sezilarli tarzda yangilanayotgani,
oʻzgarishlar ayrim hollarda amaldagi xalqaro tartibotga jiddiy tahdid
solayotgani kuzatilmoqda.
Global siyosat xavfli
beqarorlik belgilarini namoyon etayotganini inobatga oladigan boʻlsak, xalqaro
tashkilotlarning oʻrni va imkoniyatlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish eng
muhim vazifalardan biriga aylanadi. Shu bilan birga, xalqaro institutlar oʻrni
va roli zaiflashayotgan hozirgi kunda koʻp tomonlama faoliyatga asoslangan zamonaviy
institutlardan biri boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkiloti global siyosiy va
iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga, jahonda barqaror va adolatli tartibotni
taʼminlashning mustahkam tayanchlaridan biriga aylanmoqda.
SHHT madaniy-sivilizatsiyaviy
qarashlari turlicha mamlakatlarni birlashtira olgan, turli qadriyat va turmush
tarziga ega xalqlar oʻrtasidagi bir-birini tushunish va oʻzaro hurmatni,
maʼnaviy yaqinlashuv va gumanitar hamkorlikni faol ravishda qoʻllab-quvvatlab
kelmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “... bu faqat qimmatli boylik emas,
balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir”.
Chorak asr mobaynida
Yevroosiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiy hamkorlik bilan
birga gumanitar muloqotni rivojlantirish SHHT taʼsis hujjatlarida
mustahkamlangan ustuvor faoliyat yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.
“Katta SHHT oilasi”ga mansub
mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlar, koʻp asrlik
aloqalar, xalqlarning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi ular
oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkam va oʻzgarmas asosi hisoblanadi.
Mamlakatlarning boy tarixi va yaqin sivilizatsiyaviy aloqalari tashkilot
ichidagi keng miqyosdagi madaniy-gumanitar hamkorlikni obyektiv ravishda
oldindan belgilab beradi. Shu nuqtayi nazardan, bir necha asrlar muqaddam SHHTga
aʼzo davlatlar Buyuk ipak yoʻli orqali oʻzaro bogʻlanganini yodga olish
oʻrinlidir.
Boshqa xalqlarning tili,
urf-odatlari va umumiy qadriyatlarini bilish orqali milliy madaniyatlar haqida
ijobiy tasavvur uygʻonadi, ularga nisbatan bagʻrikenglik shakllanadi, natijada
turli millatga mansub odamlar oʻrtasida ishonch paydo boʻladi.
SHHT mamlakatlari oʻrtasida
gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uning taʼsis hujjati hisoblangan xartiyada
alohida taʼkidlangan. Tashkilotning ustuvor vazifalaridan biri sifatida
belgilangan. Bu haqda SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev oʻtgan yili Pekinda
gumanitar almashinuvlar boʻyicha boʻlib oʻtgan “Uygʻunlik va birlik: kelajakni
birgalikda yaratish” mavzusidagi forumda alohida taʼkidladi.
Soʻnggi 25 yil mobaynida
SHHTga aʼzo davlatlar oʻzaro madaniy almashinuvlarni izchil kengaytirdi. Bir
qator hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqildi. Oʻzaro muloqotning zamonaviy
platformalari yaratilib, nafaqat tashkilot, balki uning taʼsir doirasidan
tashqarida ham muhim ahamiyat kasb etuvchi koʻplab yirik loyihalar amalga
oshirildi.
Tashkilotning eng muhim
yutugʻi bunyodkorlik falsafasiga qatʼiy sodiqlik, teng huquqli hamkorlik uchun
ochiqlik, uchinchi davlatlarga qarshi yoʻnaltirilmaslik, har bir xalqning
milliy xususiyatlari, oʻziga xosligini hurmat qilishdir.
SHHT xalqaro huquq va koʻp
tomonlamalik tamoyillarini, shuningdek, muayyan mamlakat yoki madaniyatning
hukmronligisiz madaniy-sivilizatsiyaviy xilma-xillikni eʼtiborga olishni
birinchi oʻringa qoʻyadi. Binobarin, SHHT turli yoʻnalishli bloklar tuzish,
mafkuralashtirish yoki qarama-qarshilik kabi xulq-atvor modellarini istisno
qiladi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan
aytganda, SHHT faoliyati muvaffaqiyatining asosiy sharti xalqlar oʻrtasidagi
ishonchning mustahkamlanishi, oʻzaro manfaatlarni inobatga olish, teng
huquqlilikni taʼminlashdan iborat.
Shuningdek, davlatimiz rahbari
“Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar
xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi boʻlgan koʻp tomonlama hamkorlikning noyob
tajribasi — “Shanxay ruhi”ni mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini
eʼtirof etgan.
Prezidentimiz saʼy-harakatlari
tufayli Oʻzbekiston 2017-yildan boshlab SHHT doirasida hamkorlikni
rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Soʻnggi oʻn yil ichida mamlakatimiz
yetakchisi tashkilot sammitlarida 70 dan ortiq muhim va dolzarb tashabbusni
ilgari surdi. Bu tashabbuslar nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy,
transport-logistika, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlikni
rivojlantirishga ham yoʻnaltirilgan.
Ushbu faollik Oʻzbekistonga
tashkilot kun tartibini shakllantirish, muhim qarorlar qabul qilish jarayonida
samaraliroq ishtirok etish, shu orqali mintaqaviy hamkorlik sari pragmatik
yechimlarni joriy etish imkonini berdi. Oʻzbekistonning mintaqaviy nizolarni
hal etish, muloqot va maslahatlashuvlarni rivojlantirishdagi konstruktiv roli
barcha ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi. Bu esa Oʻzbekistonning
ishonchli va tinchliksevar davlat sifatidagi maqomini xalqaro miqyosda yanada
mustahkamlamoqda.
Markaziy
Osiyo ruhi
SHHT haqida gap ketganda, yana bir muhim jihat
— Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokining oʻziga xosligi alohida eʼtiborga
molik.
Iqtisodiy rivoji boʻyicha
dunyo peshqadamlaridan hisoblangan Rossiya, Xitoy, Hindiston kabi ulkan
yurtlarni bogʻlab turgan bu makon ming yillik tarix mobaynida yaxlit boʻlib
kelgani, ularning xalqaro darajada tobora jipslashib borayotgani, ayniqsa,
keyingi oʻn yillik mobaynida shakllangan rishtalar bugun oʻz soʻzini aytmoqda.
Jumladan, 2021-yildagi
SHHTning Dushanbe deklaratsiyasida Markaziy Osiyo Shanxay hamkorlik
tashkilotining yadrosi — markaziy manbasi ekani tasdiqlangani bunga yaqqol
dalildir.
Markaziy Osiyoda barqarorlik
va xavfsizlikning uzluksiz taʼminlanayotgani, bu boradagi saʼy-harakatlar
uzoqni koʻzlagan siyosatning namunasi ekani mazkur hujjatda ochiq tan olingan.
Keyingi yillarda “5+”
formatida oʻtayotgan qator davlatlararo uchrashuvlar aynan Markaziy Osiyoga
nisbatan har tomonlama qiziqish kuchayganini anglatadi.
Nazarimizda,
bunday xalqaro eʼtirof negizini dunyo davlatlarida yuz berayotgan oʻzgarishlar
emas, aynan Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida jadal roʻyobga oshayotgan
jipslik, oʻzaro munosabatlardagi mustahkam ishonch, soʻzsiz tenglik va yaxshi
qoʻshnichilik tamoyillari tashkil etadi.
Albatta,
davlatlarning integratsiyaga kirishishdan oldin mintaqaviy hamkorlik asosida
oʻzaro munosabatlarini mustahkamlanganini xalqaro tajribada kuzatish mumkin. Bu
borada Yevropa Ittifoqi, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN),
Arab davlatlari ligasi, Afrika Ittifoqi kabi integratsion birlashmalarni misol
sifatida keltirish mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari ham
mustaqillikdan keyin oʻzlarining integratsion tuzilmalarini tuzishga uringan.
Bunday xalqaro tashkilotlar oʻzaro ishonch va bagʻrikenglik tamoyillariga
asoslanganini koʻrish mumkin. Xususan, 1998-yil 17-iyulda Choʻlponotada
“Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati” nomi bilan mintaqaviy birlashmaga asos
solingan. Biroq bu birlashma 2005-yilgacha faoliyat koʻrsatgan.
Savollar tugʻilishi tabiiy:
ushbu integratsion birlashma oʻzaro tenglik va tolerantlik tamoyillariga
asoslangan boʻlishiga qaramay, nima uchun kutilgan samarani bermagan? Bugungi
Markaziy Osiyoning qaysi jihatlari avvalgi muhitdan farqli?
Aytish mumkinki, hozirgi
Markaziy Osiyoning yangi bosqichdagi uygʻonish davri xalqlarimizning umumiy
maqsadi — tinch, barqaror, farovon va ochiq mintaqani barpo etishga amalda
xizmat qilmoqda. Nazariy rejalar xalqning kundalik hayotida roʻy bermoqda.
Bir-biriga qon-qardosh
ellarning oʻzaro bordi-keldisi nuqtayi nazaridan qaraganda, Markaziy Osiyo
davlatlari oʻrtasidagi chegara rasmiyatchiligi mavjud emas deb aytsa boʻladigan
darajada ochiqlandi.
Tom maʼnodagi millatlararo
samimiy doʻstona aloqalarni taʼminlash
Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarda ham, shuningdek,
har birining ichki siyosatida ham bir maromda amalga oshirilmoqda.
Mazkur yoʻnalishdagi eng
ulugʻvor kuch ushbu yurtlar rahbarlari — mamlakatlar Prezidentlari birdamligida
shakllanib, xalqlar tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotgan birlik, ishonch
va oʻzaro ehtirom tamoyillaridir.
Nisbatan qisqa muddatda
mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylangan
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqamizda
boʻlayotgan oʻzgarishlarning yorqin timsolidir. Ushbu uchrashuvlar Markaziy
Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga daxldor strategik masalalar
boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni
sifatida shakllandi.
Prezidentimizning 2025-yil
13-noyabrda chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida “...
bugungi kunda hamkorligimizni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas,
balki strategik zarurat” ekani taʼkidlangan.
Mana shu asnoda jahon
siyosatshunosligida mintaqaviy hamkorlik oʻzaro ishonch va hamjihatlikka
asoslanganini ifodalovchi “Markaziy Osiyo ruhi” iborasi paydo boʻldi.
Mintaqa davlatlari
Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini hal etish, Markaziy
va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish tashabbuslarini ilgari
surish yuzasidan Yevroosiyoda yangi turdagi munosabatlarni shakllantirishga
samarali hissa qoʻshmoqda.
Davlatlararo munosabatlarda
tabiiy muammolar bilan birgalikda notabiiy, inson omili natijasi oʻlaroq yuzaga
keladigan masalalarning yechimini topish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Masalan, Markaziy Osiyoga oid suvsizlik, choʻllanish, suv transporti yoʻqligi
kabi muammolar geografik joylashuvga bogʻliq, davlatlar chegarasiga oid kelishmovchiliklar,
savdo-sotiq, erkin turizm kabi insoniy masalalarni esa davlat boshqaruvi
irodasi orqali hal etish mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari
oʻrtasidagi barcha chegaraviy muammolarning biror urush-janjalsiz, boshqa
davlatlarni aralashtirmasdan, bosiqlik asosida tinch yoʻl bilan uzil-kesil hal
etilganini “Markaziy Osiyo ruhi”ning
ijobiy natijasi sifatida talqin etish lozim.
Shu oʻrinda chegaraviy muammo
toʻliq hal etilgani nishonasi sifatida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston
hududlari kesishgan nuqtaga “Doʻstlik stelasi” oʻrnatilganining bir yilligi
xalqlar bayramiga aylanib ketganini qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari bu haqda
fikr yuritar ekan, “... kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy
vazifalarni hal etmoqdamiz, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor
hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan oʻtgan — ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va
oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga asoslangan oʻz modelimizni taklif etmoqdamiz. Va
bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar
uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu
tarixiy surʼatni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhim” ekaniga urgʻu
bergan.
Xalq
diplomatiyasi — eng maqbul yoʻl
Rasmiy Toshkent xalqlar oʻrtasidagi ishonchni
mustahkamlash, davlatlararo oʻzaro tushunishni chuqurlashtirish, uygʻun manfaatlarni
inobatga olish va tenglik SHHT faoliyatidagi muvaffaqiyatlarning asosiy
kafolati ekanini taʼkidlab keladi.
SHHTning boshqa xalqaro
tashkilotlardan farqli jihatlarini tushunish uchun tashkilotga aʼzo
davlatlarning oʻzaro munosabatlarida amal qilinadigan “Shanxay ruhi”
tamoyillarini bilish talab etiladi. Uning negizini oʻzaro ishonch, manfaat,
tenglik, maslahatlashuv, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat, birgalikda rivojlanishga
intilish kabi keng mazmunli tushunchalar tashkil etadi.
Shubhasiz, SHHT roli va
nufuzining yanada mustahkamlanishi aʼzo davlatlarning “Shanxay ruhi”ga,
tashkilot tamoyillari va qadriyatlariga sodiqligiga bogʻliq.
Xitoy yetakchisi Si Szinpin
“Shanxay ruhi”ning oʻta muhimligiga eʼtibor berib, “Tashkilotning asosiy
qiymati va umumiy konsepsiyasi sifatida “Shanxay ruhi”ga doimiy ravishda rioya
qilish, uni global jarayon va tashkilotning rivojlanishini hisobga olgan holda
davrning yangi mazmuni bilan doimiy ravishda boyitish muhim”ligini qayd etgan.
Oʻzaro ishonchga asoslangan
xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish, dunyo mamlakatlari, xususan, qoʻshni
davlatlar bilan tinch-totuvlik tamoyili asosida muloqot qilish, faqat
davlatlararo emas, balki xalqlarning keng qatlamlari oʻrtasidagi
madaniy-gumanitar aloqalarni ham kengaytirish bugungi zamonning asosiy
talablaridan biridir.
SHHTga aʼzo davlatlar
oʻrtasida uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik
toʻgʻrisidagi shartnoma va SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida
madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim kabi huquqiy hujjatlarga
muvofiq, SHHT xalq diplomatiyasini rivojlantirish, nodavlat almashinuvlar
tarmogʻini yaratish, muntazam turli tadbirlar oʻtkazish va bir qator loyihalarni
amalga oshirishda davom etmoqda.
Fuqarolik jamiyati
institutlarini SHHTdagi jarayonlar va uning doirasida qabul qilingan qarorlar
ijrosiga keng jalb qilish oʻzaro salohiyatimizni yanada yuksaltiradi hamda
samarali hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi. Ayniqsa, ayollar, yoshlar
tashkilotlari, akademik doiralar, ishbilarmonlar, sport jamoalari va ijodiy
guruhlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish xalqlarimizni yanada
yaqinlashtirish bilan birga yakdillik, tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi
hamkorlikni mustahkamlaydi.
Yuqoridagi fikrlarga
asoslangan quyidagi takliflar yurtimiz va mintaqada xalq diplomatiyasini yanada
muvaffaqiyatli amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha omil boʻlib xizmat qilishi
mumkin:
— SHHTga aʼzo davlatlarda xalq
diplomatiyasi amaliyotining yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va NNTlar,
tahlil markazlari, oliy taʼlim muassasalari va yoshlar tashkilotlari oʻrtasida
tajriba almashish maqsadida “Barqaror kelajak uchun muloqot” onlayn
platformasini ishga tushirish;
— NNTlarni sohaga keng jalb etish,
ularning ilgʻor loyihalarini ommalashtirish maqsadida har yili “Xalq diplomati”
xalqaro tanlovini oʻtkazish;
— xotin-qizlarning
jamoatchilik hayotidagi ishtirokini kengaytirish, yetakchilik koʻnikmalarini
mustahkamlash va xalq diplomatiyasida ularning rolini yanada oshirishga
qaratilgan seminarlar, mahorat darslari va taʼlim dasturlarini oʻz ichiga
oluvchi “SHHT: ayollar ovozi” loyihasini ishga tushirish;
— Markaziy Osiyo va SHHT
mamlakatlarida oʻtkazilayotgan qator festival va koʻrgazmalar “madaniy xaritasi”ni
yaratish;
— atrof-muhit haqida
xabardorlik va muhofaza qilish uchun masʼuliyatni oshirish hamda xalqaro
ekologik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “EKO-SHHT” va “Tabiat —
jamiyat — inson” loyihalari doirasida ekologik aksiyalar, seminarlar va taʼlim
tadbirlarini oʻtkazish, taniqli olimlar, madaniyat va jamoat arboblarining
tajriba almashishi va hamkorligini mustahkamlash maqsadida “SCO Exchange”
loyihasini amalga oshirish;
— xususiy sektor va xalqaro
moliya institutlarini mazkur loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga jalb qilish
mexanizmlarini joriy etish.
Xulosa qilib aytganda, xalq
diplomatiyasi turli davlatlar xalqlarining oʻzaro munosabatlarini yanada
yaxshilashga qaratilgan, ikkinchi tomondan, har bir davlatdagi xalqlarning
oʻzaro ichki turmush tarzida ham birdamlikni ulugʻlovchi va yuraklarni
ilhomlantiruvchi tuygʻudir.
Xalqaro notinch vaziyatda
davlatlararo munosabatlarni barqarorlashtiruvchi, doʻstlik va madaniyat
urugʻini ekuvchi xalq diplomatiyasining imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishimiz
kerak.
Qobiljon
SOBIROV,
Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori