Dunyoning qay bir burchagida yuz bergan ixtilof, baʼzi davlatlar oʻrtasidagi kelishmovchilik, gohida sodir etilgan harbiy toʻqnashuvlar ham inson ulugʻvorligini parokanda qila olmagan. Hattoki oʻtgan asrning tajovuzkor silsilalari boʻlmish Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari ham insoniyat qadri oldida ojiz qolgani bugun sir emas.

Inson qadri tamomila yoʻq boʻlib ketmasligi haq gap. Shu bilan birga, inson komilligiga xos boʻlmagan har qanday illat, koʻngil rishtalarini buzuvchi har qanday razillik oʻzining salbiy izlarini qoldirishi tabiiy.

Ilm-fan rivoji, texnik taraqqiyot yuksak choʻqqilarni zabt etgan yigirma birinchi asrning ham chorak qismi ortda qoldi. Inson aql-zakovati ulugʻvorlik kasb etishini, olam sirlarini inson ongiga moslashtirishni har qadamda kuzatish qiyin emas.

Shu bilan birga, bugungi kunda dunyo murakkab va chuqur oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Jahonning turli nuqtalarida qurolli mojarolar yuz bermoqda.

Davlatlar oʻrtasidagi qarama-qarshilik, sanksiyaviy bosim kabi yangicha tajovuzlar beqarorlik va noaniqlikka sabab boʻlmoqda. Xalqaro siyosiy va iqtisodiy tartib goʻyoki buzilish sari yuz tutgan.

Murakkab geosiyosiy oʻzgarishlar yuz berayotgani deyarli har bir davlat miqyosida ochiq-oydin aks etmoqda. Davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlik tobora chuqurlashmoqda. Natijada xavfsizlikka tahdid, tashqi taʼsirning ortishi, imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik tobora avj olmoqda.

Keyingi yuz yillikda bir-biri bilan chambarchas bogʻlanib ketgan dunyo muvozanatini saqlab qolish, mushtarak qadriyat va neʼmatlar yemirilishining barvaqt oldini olish, inson ulugʻvorligini asrab-avaylash masalasi har qachongidan ham koʻproq ahamiyat kasb etmoqda.

Oldindan bashorat qilish murakkab boʻlgan bu tarzdagi global siyosiy-iqtisodiy jarayonlarda davlatlararo yangi yoʻsindagi xalqaro tashkilotlarga ehtiyoj sezilishi tabiiy.

Ichki strategik vazifalarni muvaffaqiyatli hal qilishda xalqaro omillarning ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Davlatlarning ichki va tashqi siyosatida oʻzaro bogʻliq jihatlar namoyon boʻla boshladi. Bu esa, oʻz navbatida, har bir davlatni milliy rivojlanish uchun qulay xalqaro muhitni shakllantirishda oʻzining bevosita ishtirokini kuchaytirishga imkon beruvchi yoʻllarni izlashga undamoqda.

Xavfli jarayonlar davlat doirasidan chetga chiqib borayotgan bir paytda muammolar girdobidan qanday qutulish mumkin? Insoniyat qaysi yoʻlni tanlasa, dunyo mamlakatlarining doʻstona munosabatida izchillik shakllanadi? Saʼy-harakatlar muayyan davlatni qamrab olsa, maqsadga erishish mumkinmi yoki global yechimni davlatlarning oʻzaro hamkorligida qidirish zarurmi?

Bu kabi savollar boʻyicha javoblar ham xilma-xil boʻlmoqda. Quvonarlisi shundaki, Oʻzbekiston yetakchisi global muammolar yechimi sifatida “konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlik”ni ilgari surgan. Bu taklifda insonni ulugʻlashga, murakkab sinovlardan oʻtib kelgan tarixiy qadriyatlarni saqlashga xizmat qiluvchi ilgʻor gʻoyalar, yaʼni faqat oʻzaro hurmat, ishonch va hamjihatlikka asoslangan inklyuziv yondashuvlargina zamonaviy xalqaro hamkorlik konstruksiyasini mustahkamlashga, adolatli dunyo tartibotini shakllantirishga, oʻzaro ishonch va xavfsizlikni taʼminlashga qodirligi mujassamlashgan.

Mamlakatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash tayanchlaridan biri

 Siyosiy qutblilik, iqtisodiy bogʻliqlik, axborot globallashuvi kabi jarayonlar bugungi xalqaro munosabatlarda muhim mazmunga ega. Xalq ijodiga mansub “birlashgan oʻzar” iborasi global dunyoda ham oʻz qadriga ega ekani bugun yaqqol namoyon boʻlmoqda. Xususan, biror davlatning ustuvor qutbga ega boʻla olmasligini soʻnggi oʻn yillik tarix isbotlab berdi.

Davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik zamonaviy dunyoga mos holda turli jabhalarda yoʻlga qoʻyilmoqda. Mintaqaviy xususiyatga ega xalqaro tuzilmalar shular jumlasidan. Xususan, mintaqaviy tashkilotlar aʼzo davlatlarga nafaqat xalqaro maydonda umumiy qoida va xulq-atvor normalari boʻyicha oʻzaro kelishish, balki kelishuvning ijrosini taʼminlash boʻyicha ham murosa qilish imkonini beradi.

Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni ragʻbatlantirish, shuningdek, yuz berishi mumkin boʻlgan ayrim kelishmovchilikni yengib oʻtishda ham yordam beradi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash hamda yangi global mojarolarning oldini olish uchun moʻljallangan xalqaro institutlar tashkil etilishi eʼtiborga loyiq tarixiy faktlardan biridir.

BMT tashkil etilishi bunga yaqqol misol. Shu bilan birga, oʻzaro ziddiyatli vaziyatlar silsilasida faoliyat koʻrsatgan NATO va Varshava shartnomasi tashkiloti ham ushbu tahlikali davrning mahsuli.

Yillar sayin xalqaro munosabatlarning huquqiy arxitekturasi eskirib borayotgani, xalqaro institutlarga xos tamoyillar ham sezilarli tarzda yangilanayotgani, oʻzgarishlar ayrim hollarda amaldagi xalqaro tartibotga jiddiy tahdid solayotgani kuzatilmoqda.

Global siyosat xavfli beqarorlik belgilarini namoyon etayotganini inobatga oladigan boʻlsak, xalqaro tashkilotlarning oʻrni va imkoniyatlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish eng muhim vazifalardan biriga aylanadi. Shu bilan birga, xalqaro institutlar oʻrni va roli zaiflashayotgan hozirgi kunda koʻp tomonlama faoliyatga asoslangan ­zamonaviy institutlardan biri boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkiloti global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga, jahonda barqaror va adolatli tartibotni taʼminlashning mustahkam tayanchlaridan biriga aylanmoqda.

SHHT madaniy-sivilizatsiyaviy qarashlari turlicha mamlakatlarni birlashtira olgan, turli qadriyat va turmush tarziga ega xalqlar oʻrtasidagi bir-birini tushunish va oʻzaro hurmatni, maʼnaviy yaqinlashuv va gumanitar hamkorlikni faol ravishda qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “... bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir”.

Chorak asr mobaynida Yevroosiyo mintaqasida xavfsizlikni taʼminlash va iqtisodiy hamkorlik bilan birga gumanitar muloqotni rivojlantirish SHHT taʼsis hujjatlarida mustahkamlangan ustuvor faoliyat yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.

“Katta SHHT oilasi”ga mansub mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlar, koʻp asrlik aloqalar, xalqlarning madaniy va dunyoqarash jihatdan yaqinligi ular oʻrtasidagi hamkorlikning mustahkam va oʻzgarmas asosi hisoblanadi. Mamlakatlarning boy tarixi va yaqin sivilizatsiyaviy aloqalari tashkilot ichidagi keng miqyosdagi madaniy-gumanitar hamkorlikni obyektiv ravishda oldindan belgilab beradi. Shu nuqtayi nazardan, bir necha asrlar muqaddam SHHTga aʼzo davlatlar Buyuk ipak yoʻli orqali oʻzaro bogʻlanganini yodga olish oʻrinlidir.

Boshqa xalqlarning tili, urf-odatlari va umumiy qadriyatlarini bilish orqali milliy madaniyatlar haqida ijobiy tasavvur uygʻonadi, ularga nisbatan bagʻrikenglik shakllanadi, natijada turli millatga mansub odamlar oʻrtasida ishonch paydo boʻladi.

SHHT mamlakatlari oʻrtasida gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uning taʼsis hujjati hisoblangan xartiyada alohida taʼkidlangan. Tashkilotning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Bu haqda SHHT Bosh kotibi Nurlan Yermekbayev oʻtgan yili Pekinda gumanitar almashinuvlar boʻyicha boʻlib oʻtgan “Uygʻunlik va birlik: kelajakni birgalikda yaratish” mavzusidagi forumda alohida taʼkidladi.

Soʻnggi 25 yil mobaynida SHHTga aʼzo davlatlar oʻzaro madaniy almashinuvlarni izchil kengaytirdi. Bir qator hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqildi. Oʻzaro muloqotning zamonaviy platformalari yaratilib, nafaqat tashkilot, balki uning taʼsir doirasidan tashqarida ham muhim ahamiyat kasb etuvchi koʻplab yirik loyihalar amalga oshirildi.

Tashkilotning eng muhim yutugʻi bunyodkorlik falsafasiga qatʼiy sodiqlik, teng huquqli hamkorlik uchun ochiqlik, uchinchi davlatlarga qarshi yoʻnaltirilmaslik, har bir xalqning milliy xususiyatlari, oʻziga xosligini hurmat qilishdir.

SHHT xalqaro huquq va koʻp tomonlamalik tamoyillarini, shuningdek, muayyan mamlakat yoki madaniyatning hukmronligisiz madaniy-sivilizatsiyaviy xilma-xillikni eʼtiborga olishni birinchi oʻringa qoʻyadi. Binobarin, SHHT turli yoʻnalishli bloklar tuzish, mafkuralashtirish yoki qarama-qarshilik kabi xulq-atvor modellarini istisno qiladi.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, SHHT faoliyati muvaffaqiyatining asosiy sharti xalqlar oʻrtasidagi ishonchning mustahkamlanishi, oʻzaro manfaatlarni inobatga olish, teng huquqlilikni taʼminlashdan iborat.

Shuningdek, davlatimiz rahbari “Umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimiz ifodasi boʻlgan koʻp tomonlama hamkorlikning noyob tajribasi — “Shanxay ruhi”ni mustahkamlash bugun har qachongidan muhim” ekanini eʼtirof etgan.

Prezidentimiz saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston 2017-yildan boshlab SHHT doirasida hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Soʻnggi oʻn yil ichida mamlakatimiz yetakchisi tashkilot sammitlarida 70 dan ortiq muhim va dolzarb tashabbusni ilgari surdi. Bu tashabbuslar nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga ham yoʻnaltirilgan.

Ushbu faollik Oʻzbekistonga tashkilot kun tartibini shakllantirish, muhim qarorlar qabul qilish jarayonida samaraliroq ishtirok etish, shu orqali mintaqaviy hamkorlik sari pragmatik yechimlarni joriy etish imkonini berdi. Oʻzbekistonning mintaqaviy nizolarni hal etish, muloqot va maslahatlashuvlarni rivojlantirishdagi konstruktiv roli barcha ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi. Bu esa Oʻzbekistonning ishonchli va tinchliksevar davlat sifatidagi maqomini xalqaro miqyosda yanada mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo ruhi

 SHHT haqida gap ketganda, yana bir muhim jihat — Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokining oʻziga xosligi alohida eʼtiborga molik. 

Iqtisodiy rivoji boʻyicha dunyo peshqadamlaridan hisoblangan Rossiya, Xitoy, Hindiston kabi ulkan yurtlarni bogʻlab turgan bu makon ming yillik tarix mobaynida yaxlit boʻlib kelgani, ularning xalqaro darajada tobora jipslashib borayotgani, ayniqsa, keyingi oʻn yillik mobaynida shakllangan rishtalar bugun oʻz soʻzini aytmoqda.

Jumladan, 2021-yildagi SHHTning Dushanbe deklaratsiyasida Markaziy Osiyo Shanxay hamkorlik tashkilotining yadrosi — markaziy manbasi ekani tasdiqlangani bunga yaqqol dalildir.

Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikning uzluksiz taʼminlanayotgani, bu boradagi saʼy-harakatlar uzoqni koʻzlagan siyosatning namunasi ekani mazkur hujjatda ochiq tan olingan.

Keyingi yillarda “5+” formatida oʻtayotgan qator davlatlararo uchrashuvlar aynan Markaziy Osiyoga nisbatan har tomonlama qiziqish kuchayganini anglatadi.

Nazarimizda, bunday xalqaro eʼtirof negizini dunyo davlatlarida yuz berayotgan oʻzgarishlar emas, aynan Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida jadal roʻyobga oshayotgan jipslik, oʻzaro munosabatlardagi mustahkam ishonch, soʻzsiz tenglik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari tashkil etadi.

Albatta, davlatlarning integratsiyaga kirishishdan oldin mintaqaviy hamkorlik asosida oʻzaro munosabatlarini mustahkamlanganini xalqaro tajribada kuzatish mumkin. Bu borada Yevropa Ittifoqi, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN), Arab davlatlari ligasi, Afrika Ittifoqi kabi integratsion birlashmalarni misol sifatida keltirish mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari ham mustaqillikdan keyin oʻzlarining integratsion tuzilmalarini tuzishga uringan. Bunday xalqaro tashkilotlar oʻzaro ishonch va bagʻrikenglik tamoyillariga asoslanganini koʻrish mumkin. Xususan, 1998-yil 17-iyulda Choʻlponotada “Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati” nomi bilan mintaqaviy birlashmaga asos solingan. Biroq bu birlashma 2005-yilgacha faoliyat koʻrsatgan.

Savollar tugʻilishi tabiiy: ushbu integratsion birlashma oʻzaro tenglik va tolerantlik tamoyillariga asoslangan boʻlishiga qaramay, nima uchun kutilgan samarani bermagan? Bugungi Markaziy Osiyoning qaysi jihatlari avvalgi muhitdan farqli?

Aytish mumkinki, hozirgi Markaziy Osiyoning yangi bosqichdagi uygʻonish davri xalqlarimizning umumiy maqsadi — tinch, barqaror, farovon va ochiq mintaqani barpo etishga amalda xizmat qilmoqda. Nazariy rejalar xalqning kundalik hayotida roʻy bermoqda. 

Bir-biriga qon-qardosh ellarning oʻzaro bordi-keldisi nuqtayi nazaridan qaraganda, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi chegara rasmiyatchiligi mavjud emas deb aytsa boʻladigan darajada ochiqlandi.

Tom maʼnodagi millatlararo samimiy doʻstona aloqalarni taʼminlash  Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarda ham, shuningdek, har birining ichki siyosatida ham bir maromda amalga oshirilmoqda.

Mazkur yoʻnalishdagi eng ulugʻvor kuch ushbu yurtlar rahbarlari — mamlakatlar Prezidentlari birdamligida shakllanib, xalqlar tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotgan birlik, ishonch va oʻzaro ehtirom tamoyillaridir.

Nisbatan qisqa muddatda mintaqaviy hamkorlik va ishonchli muloqotning samarali mexanizmiga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqamizda boʻlayotgan oʻzgarishlarning yorqin timsolidir. Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyoning bugungi taraqqiyoti va kelajagiga daxldor strategik masalalar boʻyicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asosiy muloqot maydoni sifatida shakllandi.

Prezidentimizning 2025-yil 13-noyabrda chop etilgan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasida “... bugungi kunda hamkorligimizni mustahkamlash shunchaki siyosiy maqsad emas, balki strategik zarurat” ekani taʼkidlangan.

Mana shu asnoda jahon siyosatshunosligida mintaqaviy hamkorlik oʻzaro ishonch va hamjihatlikka asoslanganini ifodalovchi “Markaziy Osiyo ruhi” iborasi paydo boʻldi.

Mintaqa davlatlari Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini hal etish, Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish tashabbuslarini ilgari surish yuzasidan Yevroosiyoda yangi turdagi munosabatlarni shakllantirishga samarali hissa qoʻshmoqda.

Davlatlararo munosabatlarda tabiiy muammolar bilan birgalikda notabiiy, inson omili natijasi oʻlaroq yuzaga keladigan masalalarning yechimini topish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Markaziy Osiyoga oid suvsizlik, choʻllanish, suv transporti yoʻqligi kabi muammolar geografik joylashuvga bogʻliq, davlatlar chegarasiga oid kelishmovchiliklar, savdo-sotiq, erkin turizm kabi insoniy masalalarni esa davlat boshqaruvi irodasi orqali hal etish mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi barcha chegaraviy muammolarning biror urush-janjalsiz, boshqa davlatlarni aralashtirmasdan, bosiqlik asosida tinch yoʻl bilan uzil-kesil hal etilganini  “Markaziy Osiyo ruhi”ning ijobiy natijasi sifatida talqin etish lozim.

Shu oʻrinda chegaraviy muammo toʻliq hal etilgani nishonasi sifatida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston hududlari kesishgan nuqtaga “Doʻstlik stelasi” oʻrnatilganining bir yilligi xalqlar bayramiga aylanib ketganini qayd etish lozim.

Davlatimiz rahbari bu haqda fikr yuritar ekan, “... kuch va imkoniyatlarimizni birlashtirib, umumiy vazifalarni hal etmoqdamiz, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga tinch va bunyodkor hamkorlikning vaqt va hayot sinovidan oʻtgan — ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashga asoslangan oʻz modelimizni taklif etmoqdamiz. Va bugun Markaziy Osiyoni keng mintaqamizda yashayotgan barcha millat va xalqlar uchun yagona tinchlik, farovonlik va taraqqiyot makoniga aylantiradigan ushbu tarixiy surʼatni saqlab qolishimiz har qachongidan ham muhim” ekaniga urgʻu bergan.

Xalq diplomatiyasi — eng maqbul yoʻl

 Rasmiy Toshkent xalqlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, davlatlararo oʻzaro tushunishni chuqurlashtirish, uygʻun ­manfaatlarni inobatga olish va tenglik SHHT faoliyatidagi muvaffaqiyatlarning asosiy kafolati ekanini taʼkidlab keladi.

SHHTning boshqa xalqaro tashkilotlardan farqli jihatlarini tushunish uchun tashkilotga aʼzo davlatlarning oʻzaro munosabatlarida amal qilinadigan “Shanxay ruhi” tamoyillarini bilish talab etiladi. Uning negizini oʻzaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat, birgalikda rivojlanishga intilish kabi keng mazmunli tushunchalar tashkil etadi.

Shubhasiz, SHHT roli va nufuzining yanada mustahkamlanishi aʼzo davlatlarning “Shanxay ruhi”ga, tashkilot tamoyillari va qadriyatlariga sodiqligiga bogʻliq.

Xitoy yetakchisi Si Szinpin “Shanxay ruhi”ning oʻta muhimligiga eʼtibor berib, “Tashkilotning asosiy qiymati va umumiy konsepsiyasi sifatida “Shanxay ruhi”ga doimiy ravishda rioya qilish, uni global jarayon va tashkilotning rivojlanishini hisobga olgan holda davrning yangi mazmuni bilan doimiy ravishda boyitish muhim”ligini qayd etgan.

Oʻzaro ishonchga asoslangan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlish, dunyo mamlakatlari, xususan, qoʻshni davlatlar bilan tinch-totuvlik tamoyili asosida muloqot qilish, faqat davlatlararo emas, balki xalqlarning keng qatlamlari oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni ham kengaytirish bugungi zamonning asosiy talablaridan biridir.

SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasida uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnoma va SHHTga aʼzo davlatlar hukumatlari oʻrtasida madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim kabi huquqiy hujjatlarga muvofiq, SHHT xalq diplomatiyasini rivojlantirish, nodavlat almashinuvlar tarmogʻini yaratish, muntazam turli tadbirlar oʻtkazish va bir qator loyihalarni amalga oshirishda davom etmoqda.

Fuqarolik jamiyati institutlarini SHHTdagi jarayonlar va uning doirasida qabul qilingan qarorlar ijrosiga keng jalb qilish oʻzaro salohiyatimizni yanada yuksaltiradi hamda samarali hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi. Ayniqsa, ayollar, yoshlar tashkilotlari, akademik doiralar, ishbilarmonlar, sport jamoalari va ijodiy guruhlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish bilan birga yakdillik, tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlikni mustahkamlaydi.

Yuqoridagi fikrlarga asoslangan quyidagi takliflar yurtimiz va mintaqada xalq diplomatiyasini yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha omil boʻlib xizmat qilishi mumkin:

— SHHTga aʼzo davlatlarda xalq diplomatiyasi amaliyotining yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va NNTlar, tahlil markazlari, oliy taʼlim muassasalari va yoshlar tashkilotlari oʻrtasida tajriba almashish maqsadida “Barqaror kelajak uchun muloqot” onlayn platformasini ishga tushirish;

— NNTlarni sohaga keng jalb etish, ularning ilgʻor loyihalarini ommalashtirish maqsadida har yili “Xalq diplomati” xalqaro tanlovini oʻtkazish;

— xotin-qizlarning jamoatchilik hayotidagi ishtirokini kengaytirish, yetakchilik koʻnikmalarini mustahkamlash va xalq diplomatiyasida ularning rolini yanada oshirishga qaratilgan seminarlar, mahorat darslari va taʼlim dasturlarini oʻz ichiga oluvchi “SHHT: ayollar ovozi” loyihasini ishga tushirish;

— Markaziy Osiyo va SHHT mamlakatlarida oʻtkazilayotgan qator festival va koʻrgazmalar “madaniy xaritasi”ni yaratish;

— atrof-muhit haqida xabardorlik va muhofaza qilish uchun masʼuliyatni oshirish hamda xalqaro ekologik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “EKO-SHHT” va “Tabiat — jamiyat — inson” loyihalari doirasida ekologik aksiyalar, seminarlar va taʼlim tadbirlarini oʻtkazish, taniqli olimlar, madaniyat va jamoat arboblarining tajriba almashishi va hamkorligini mustahkamlash maqsadida “SCO Exchange” loyihasini amalga oshirish;

— xususiy sektor va xalqaro moliya institutlarini mazkur loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga jalb qilish mexanizmlarini joriy etish.

Xulosa qilib aytganda, xalq diplomatiyasi turli davlatlar xalqlarining oʻzaro munosabatlarini yanada yaxshilashga qaratilgan, ikkinchi tomondan, har bir davlatdagi xalqlarning oʻzaro ichki turmush tarzida ham birdamlikni ulugʻlovchi va yuraklarni ilhomlantiruvchi tuygʻudir.

Xalqaro notinch vaziyatda davlatlararo munosabatlarni barqarorlashtiruvchi, doʻstlik va madaniyat urugʻini ekuvchi xalq diplomatiyasining imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishimiz kerak.

Qobiljon SOBIROV,

Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori