Sohadagi manfaatdor idoralarning vazifalari va vakolatlari toʻliq ochib berilmaganligi hamda standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalarning vakolatlari qonunchilik bilan tartibga solinmagani sababli standartlarni qabul qilishda konsensusga erishish imkoni mavjud emas. Shu jihatdan, Prezidentimizning 2021-yil 2-iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, “Standartlashtirish toʻgʻrisida” qonun loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan mazkur qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda bu haqda alohida taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, ushbu hujjatda standartlashtirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Standartlashtirish boʻyicha milliy organning, davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalarining, shuningdek standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalar, ularning huquqlari va majburiyatlari koʻzda tutilmoqda.
Standartlarni qabul qilish va amaliyotga kiritishda Standartlashtirish boʻyicha milliy organning vazifa va vakolatlari aniq belgilangan holda, standartlashtirish sohasidagi manfaatdor tomonlarni texnik qoʻmitalarni tashkil qilish va ular faoliyati kengaytirilmoqda.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar standartlariga uygʻunlashtirilgan milliy standartlarimiz va xalqaro standartlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirish nazarda tutilib, davlat nazorati organlari va obyektlari, davlat inspektorlari, ularning huquqlari va javobgarligi kabi normalar chiqarib tashlanmoqda.
Yigʻilishda standartlashtirish tizimini zamonaviy talablarga mos keltirishning tub mohiyati, faqatgina sohaga oid atamalarni uygʻunlashtirishdan emas, balki standartlashtirish tizimini qonuniy bazasini halqaro standartlar talablariga moslashtirishdan ham iborat ekanligi qayd etildi.
Soʻz olganlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida standartlashtirish tizimi xalqaro amaliyot bilan uygʻunlashtiriladi, mahsulotlar (xizmatlar) va jarayonlarning sifati, ularning tashqi bozorda raqobatbardoshligi oshishiga erishiladi.
Muhokamalar davomida xalq vakillari qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirib maromiga yetkazish boʻyicha qator taklif va tavsiyalar berdi. Loyiha yuzasidan berilgan barcha savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar olindi.
Ayni paytda qoʻmitada qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.