ITTF CC 2022-yilgi stol tennisi boʻyicha jamoaviy jahon chempionatiga qoʻllaniladigan saralash tizimiga ovoz berdi. Shu tariqa, hozirga kelib 33 ta terma jamoaning nomi aniq boʻlgan jahon birinchiligida Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi Osiyoning 11-raqamli jamoasi sifatida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

Terma jamoamizning bu huquqqa ega boʻlishida ITTF ijroiya qoʻmitasining ovozi muhim rol oʻynadi. Ovoz berish jarayonida qitʼa federatsiyalari prezidentlaridan iborat Kengash aʼzolari ishtirok etdi.

Bu yil qitʼalararo tanlov oʻtkazish imkoniyati yoʻqligi sababli qolgan oʻrinlarni qanday taqsimlash boʻyicha bir qancha takliflar bildirildi.

Ushbu taklif berilishiga sabab, agarda reyting boʻyicha yoʻllanmalar taqsimlanganida, deyarli barcha oʻrinlar Yevropa qitʼasiga oʻtib ketar edi. Shu sababli ham ITTF CC ovoz berish jarayonida har bir qitʼaga reyting boʻyicha bittadan joy berishga qaror qildi.

Eslatib oʻtamiz, ovoz berish jarayonida federatsiya raislaridan tashqari qitʼa kengashlarning koʻplab aʼzolari ishtirok etdi. Bundan koʻzlangan maqsad esa hech qanday iltimos va korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik edi.

Manba