Oʻziga xos “kichik jahon chempionati” sifatida eʼtirof etiladigan mazkur turnir tarixda 73-marta tashkil etildi. Unda jahonning 37 mamlakatidan 370 nafardan ortiq erkak va ayol bokschilar ishtirok etishdi.
Musobaqa erkaklar oʻrtasida 13ta, ayollar oʻrtasida esa 12ta vazn toifasida tashkil etildi. Oʻzbekiston terma jamoasi mazkur turnirda 8 nafar erkak va 5 nafar ayol bokschi bilan qatnashib, yakunda 6 ta oltin va bitta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Quvonarlisi, musobaqa yakuniga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Rossiya terma jamoasi esa 5ta oltin bilan ikkinchi oʻrindan joy oldi. Kuchli uchlikka esa Qozogʻiston terma jamoasi 4 ta oltin medal bilan yakun yasab berdi. Yon qoʻshnilarimiz erkaklar va ayollar oʻrtasidagi musobaqalarda 2 tadan oltin medalga ega chiqishdi.
Kecha terma jamoamiz tarkibidagi eng ogʻir vaznli bokschimiz, +92 kg vazn toifasida ringga chiqqan Lazizbek Mullajonov ham oltin medalga sazovor boʻldi.
Terma jamoamiz safida sovrindor boʻlgan bokschilarimiz:
Oltin medal:
-51 kg: Hasanboy Doʻsmatov,
-57 kg: Abdumalik Xalakov,
-63,5 kg: Mujibillo Tursunov,
-80 kg: Odiljon Aslonov,
-92 kg: Madiyar Saidrahimov,
+92 kg: Lazizbek Mullajonov,
Bronza medal:
-52 kg: Tursunoy Rahimova
Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari bugun tunda, yaʼni 28-fevraldan 1-martga oʻtar kechasi soat 02:00da yurtimizga qaytib kelishadi.