Bu boʻyicha Prezidentning kuni kecha qabul qilingan “Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–201-son, 30.10.2025-y.) da belgilandi.

Farmonga koʻra, 2025-yil 1-noyabrdan strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashni oʻz ichiga olgan strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etiladi.

Strategik rejalashtirish hujjatlarining iyerarxiyasi quyidagi tartibda belgilanadi:

  • 1-darajali hujjatlar konsepsiyalar shaklida;
  • 2-darajali hujjatlar strategiyalar shaklida;
  • 3-darajali hujjatlar dasturlar (“yoʻl xaritalari”, chora-tadbirlar rejalari) shaklida qabul qilinadi.

Bunda:

  • 1-darajali hujjatlar 7-yildan ortiq muddatga ishlab chiqiladi va qoida tariqasida qonunlar bilan tasdiqlanadi;
  • 2-darajali hujjatlar 4-yildan 7-yilgacha boʻlgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
  • 3-darajali hujjatlari 1-yildan 3-yilgacha boʻlgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tasdiqlanadi.

Shuningdek, farmonga koʻra, quyidagilar qayta tashkil etiladi:

  • Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib;
  • Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib;
  • Strategik islohotlar agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi etib.

Muvofiqlashtiruvchi kengash vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun masʼul boʻlgan idoralararo kollegial organ hisoblanadi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash 1- va 2-darajali strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi nuqtayi nazaridan koʻrib chiqadi.

Bunda maʼqullangan loyihalar koʻrib chiqish uchun Prezidentga kiritiladi.