DXX Jizzax viloyati boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Jizzax viloyat sud boshqaruvchilar assotsiatsiyasi aʼzosi pora olayotgan paytida qoʻlga olindi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.
Qayd etilishicha, u Sharof Rashidov tumanida roʻyxatdan oʻtgan oilaviy korxona rahbari ishonchiga kirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda korxonaning soliq organidan yuzaga kelgan 23 mln 200 ming soʻm qarzdorligini yoʻq qilib berish va bankrot deb topish evaziga undan 12 mln soʻm talab qilib, pullarni Jizzax shahridagi xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.