Sud-ekspertlik faoliyati raqamlashtiriladi

    “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-270-son, 08.09.2025-y.) qabul qilindi.

    Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • sud-ekspertlik faoliyatini raqamlashtirish va sunʼiy intellektdan foydalanish orqali tadqiqotlarning tezkorligi, xolisligi va toʻliqligini taʼminlash;
    • sud-ekspertiza tashkilotlari va ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali sohada elektron hujjatlar almashinuvi hajmini 100 foizga yetkazish.

    Qarorga koʻra, sudlar, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolati organlar bilan elektron hujjatlar almashinuvini taʼminlovchi “E-ekspertiza” axborot tizimi sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga toʻliq joriy etiladi.

    “E-ekspertiza” platformasi va ekspertiza tayinlovchi organlarning axborot tizimlari oʻrtasida elektron axborot almashinuvi quyidagi bosqichlarda yoʻlga qoʻyiladi:

    • 2026-yil 1-yanvardan respublika darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarda;
    • 2026-yil 1-iyundan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarda;
    • 2026-yil 1-sentyabrdan tuman (shahar) darajasidagi ekspertiza tayinlovchi organlarda.