Qaror bilan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Qarorga koʻra:

Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat roʻyxatiga olish boʻlimlari tashkil etildi;

Ichki ishlar vazirligi taʼsischiligida oʻqotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, sovuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning oʻq-dorilarini, maxsus vositalarni, oʻq oʻtkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etiladi;

ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika boʻlinmalariga ekspert-kriminalistika sohasida shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikatsiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni koʻrsatish huquqini berildi;

maxsus ilmiy-texnik va intellektual salohiyatga ega shaxslarni mutaxassis yoki texnik ishchi sifatida ekspert-kriminalistika boʻlinmalariga shartnoma asosida jalb etish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Qarorga muvofiq, ekspertiza va tadqiqotlarning quyidagi yangi turlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi:

2022-yil yakunigacha:

video va fototexnika ekspertizasi, shu jumladan videoyozuvlarda qayd qilingan transportning harakatlanish tezligini aniqlash ekspertizasi;

elektr taʼsirli qurollar ekspertizasi;

gazli qurollar ekspertizasi;

gaz-havo aralashmasi va fizik portlashlar ekspertizasi;

transport vositalariga oʻrnatilgan gaz ballonlari portlashi ekspertizasi;

odam DNKsi biologik ekspertizasi;

maxsus texnika va transport vositalarini baholash ekspertizasi;

oziq-ovqat mahsulotlari ekspertizasi;

2023-yil yakunigacha:

raqamli maʼlumotlar bazasi ekspertizasi;

Internet tarmogʻida bulutli servislar ekspertizasi;

fonoskopiya ekspertizasi.

2023-yil 1-yanvargacha shaxs, buyum va hodisalar toʻgʻrisida olingan axborotlar boʻyicha avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2023-yil yakunigacha sud-tergov faoliyatida ashyoviy dalil sifatida olingan sintetik turdagi giyohvandlik, shuningdek, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarining kimyoviy tarkibi boʻyicha markazlashgan axborot-qidiruv tizimini yaratish choralari koʻriladi.

2022/2023 oʻquv yilidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bakalavriat dasturi boʻyicha taʼlim tizimida “raqamli kriminalistika asoslari” fani oʻqitilishi yoʻlga qoʻyiladi.