Sud hukmi chiqmagan ish boʻyicha tarqatilayotgan xabarlar jamoatchilikni chalgʻitishi mumkin

    Mamlakatimizda 19 Yanvar 2021 1909

    AOKAda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati rahbari Tursunali Akbarov ishtirokida oʻtkazilgan brifingdan muhim maʼlumotlar:

    «Jinoyat ishlari boʻyicha Pop tuman sudida Jinoyat kodeksining bir qator moddalari boʻyicha jinoyatlarini sodir etishda ayblanayotgan yetti nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Ayblovlar ogʻir jinoyatlar turkumiga kiradi, bu esa ishni xolis va qonuniy koʻrib chiqishda sudyaga ikki karra masʼuliyat yuklaydi.

    Sud majlisi jarayonini suratga, videotasvirga olish yoki audio shaklida yozish sud majlisiga raislik etuvchi tomonidan (taraflarning fikrini inobatga olgan holda) mustaqil hal qilinadi. Bu qonun talabi.

    Sudlanuvchilarning yaqinlari tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi “Namanganliklar uz” kanali xodimlari mazkur sud majlisida ishtirok etish va jarayonni videotasvirga olish boʻyicha kiritilgan iltimosnoma jabrlanuvchilar va sudlanuvchilarning shaxsi, ish holati va mavjud vaziyatdan kelib chiqib rad etilgan.

    Iltimosnoma rad etilgani — jurnalistlar sud majlisidan chiqarib yuborildi yoki ularga qarshilik qilindi, degani emas. Ular jarayonda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari mumkin. “Namanganliklar uz” kanali xodimlari oʻsha kuni sud majlisi oxirigacha ishtirok etgan.

    Oʻzlarini Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot vakillari deb tanishtirgan shaxslar ham hech qanday moneliksiz ishtirok etishdi va intervyularda sudlanuvchilar tadbirkor ekani va ish oʻrinlari yaratganini bayon qilishib, vaziyatga siyosiy tus berishga harakat qilishgan.

    Hali hukm chiqmagan ish boʻyicha paydar-pay uyushtirilayotgan axborotlar jamoatchilikni chalgʻitish, sudga ochiqdan-ochiq bosim oʻtkazish ekani maʼlum boʻlmoqda.

    Tadbirkorlik qilib, ish oʻrni yaratgan shaxs shunga yarasha imtiyoz yoki ragʻbatga loyiq, albatta. Biroq bu odam oʻgʻrilash, bosqinchilik va bezorilik kabi ayblovlar boʻyicha qonun oldida javob bermaslik imtiyozni bermaydi».