Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga samarali yechim topish uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar Oliy Kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi rahbar xodimlari ishtirokida joylarda ommaviy qabullar tashkil etilyapti.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Islomov va Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov rahbarligidagi ishchi guruhlar joriy yilning avgust oyigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida boʻlib, murojaatchilar bilan muloqot oʻtkazishadi.
Ommaviy qabullar navbati bilan har bir hududda oʻtkaziladi. Navbatdagi qabullar manzili – Toshkent shahri va Namangan viloyati.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Islomov rahbarligidagi ishchi guruhi Toshkent shahrida, Oliy sud raisi Kozimjon Kamilov rahbarligidagi ishchi guruhi Namangan viloyatida joriy yilning 28-30-aprel kunlari ish olib boradi.
Ommaviy qabullar oʻtkaziladigan manzil va sanalar bilan quyida keltirilgan jadval orqali tanishish mumkin.
Keyingi ommaviy qabullar haqida oldindan maʼlum qilinadi. Qoʻshimcha maʼlumotlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hududlardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilish mumkin.