Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyati sarhisob etildi

    Mamlakatimizda 20 Yanvar 2023 1472

    Joriy yil 19-yanvarda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Qoʻmitaning 2022-yildagi faoliyati yuzasidan jamoatchilikka axborot berildi.

    Taʼkidlanganidek, Qoʻmita qonunchilik, nazorat-tahlil faoliyatiga, joylarda aholini qiynab kelayotgan masalalarni ijobiy hal etish va ularga amaliy koʻmak berish, murojaatlarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish, qolaversa, joylarda sayyor qabullar tashkil etish kabi ishlarga eʼtibor qaratdi.

    Xususan, Qoʻmita aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 2 800 dan ortiq murojaat koʻrib chiqildi. Joylarda sayyor qabullar oʻtkazildi va 5 000 dan ziyod fuqarolarning muammolari tinglandi. Koʻplab fuqarolarga huquqiy tushuntirish va yuridik maslahatlar berildi.

    Oilaviy sharoiti sababli moddiy yordam soʻrab, ish haqini undirishda yoki kredit mablagʻlari ajratilishida va boshqa ijtimoiy masalalarda amaliy yordam soʻrab qilingan murojaatlar nazoratga olinib, ijobiy hal qilinishi taʼminlangan. Qoʻmita aʼzolarining saʼy-harakatlari bilan aliment bilan bogʻliq 100 dan ortiq murojaatlar oʻrganilib, aliment pullari undirib berilgan.

    Qoʻmita tomonidan jami 18 ta senator soʻrovi yuborilgan. Hududlar manfaatiga daxldor boʻlgan 50 ga yaqin masala koʻrib chiqilgan, ularning 30 ga yaqinini qonunlar tashkil etadi.

    Shuningdek, Qoʻmita tomonidan qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring oʻtkazilib, ularni takomillashtirishga qaratilgan 30 dan ortiq takliflar tayyorlandi va Senat Kengashi muhokamasiga kiritildi.

    Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tomonidan hududlarda prokuratura faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida oʻrganish va tadbirlar tashkil etildi.

    Qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazorat qilinishi yuzasidan Bosh prokurorning hisoboti, huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati hamda norma ijodkorligi faoliyati boʻyicha adliya vazirining axboroti, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining axboroti eshitildi.

    Bundan tashqari, 40 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlarining aholining murojaatlari bilan ishlash holati oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berilgan.

    Majlisda onlayn tarzda ishtirok etgan hududlardan saylangan senatorlar ham olib borgan amaliy ishlari yuzasidan maʼlumot berib oʻtdi. Bunda ayniqsa, hududlarda fuqarolar manfaatlari bilan bogʻliq masalalar, hal etilayotgan ijtimoiy sohadagi muammolarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Majlis yakunida Qoʻmitaning qarori qabul qilinib, unda joriy yil ustuvor vazifalari belgilab olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.