Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga Prezident Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash holati, shuningdek, Senatning yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar, xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun va Oliy sud tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish masalalari muhokama qilindi.

Majlisda 2021-yilning toʻqqiz oyi davomida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati boʻyicha maʼlumot berildi.

Xususan, aholi murojaatlari uchta guruhga ajratilgan holda, shu jumladan koʻtarilgan masalalarni hal etish, oʻz vaqtida koʻrib chiqish va takroriy murojaatlar oldini olish koʻrsatkichlari boʻyicha oʻrganilgan.

Muhokamada kelib tushgan murojaatlar soni 20 tadan 300 tagacha boʻlgan tashkilotlarning tahliliy natijalariga koʻra uchta koʻrsatkich samaradorligi boʻyicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida oʻtgan 6 oyga nisbatan 10 foizga kamayib, tizimda murojaatlar bilan ishlash yetarli darajada tashkil qilinmaganligi tanqid qilindi.

Murojaatlar 300 tadan 3 000 tagacha boʻlgan tashkilotlarning tahliliy natijalariga koʻra samaradorlik Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi 16 foizga, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi 9 foizga hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 8 foizga kamaygani, murojaatlar 3 000 tadan ortiq boʻlgan tashkilotlarning tahliliy natijalariga koʻra Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 10 foizga hamda Moliya vazirligi tizimida 7 foizga kamayganligi qayd etildi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelib tushgan murojaatlarning tahliliy natijalariga koʻra murojaatlar bilan ishlash samaradorligi
Andijon (8 foiz), Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida (7 foiz) kamaygan. Joylarda murojaatlarning oʻz vaqtida ijobiy hal etish masalalari koʻrilmagani bois, ularning soni keskin oshib ketmoqda.

Senatorlar jismoniy va yuridik shaxslar murojaatida koʻtarilayotgan muammolarni joylarda hal qilish hamda ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmagani tanqid qildi.

Vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga murojaatlarni chuqur tahlil qilgan holda ular bilan samarali ishlash boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, senatorlar Oliy sud tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qildi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq Oliy sud tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish Senat tomonidan koʻrib chiqilishi belgilangan va bu borada yuqori palataga taqdimnomalar kelib tushgan. Mazkur taqdimnomalarga binoan senatorlar nomzodlarni kelgusidagi rejalarini eshitib, muhokama qildi.

Bundan tashqari, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi. Hujjat bilan prezidentning oʻz belgisi va shtandarti (bayrogʻi)ni joriy qilish taklif etilyapti.

Qonunda belgi va shtandart (bayrogʻi) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanishi nazarda tutiladi.

Qonunni qabul qilish zarurati ushbu sohadagi xalqaro va ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib belgilangan.

Davlat rahbarining farqlovchi belgilarini joriy qilgan xorijiy davlatlarda davlat rahbarining belgisi va shtandarti yangi saylangan Prezidentga qasamyod qabul qilgandan keyin topshirilishi belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida ushbu masalalar tartibga solinmaganligi bois, qonunchilikni tegishli mazmundagi norma bilan toʻldirish taklif etilyapti.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.