Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Senatning navbatdagi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan 6 ta masala shundan 4 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yil birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisoboti dastlabki tarzda eshitildi.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti taqdim etildi.
Unda qayd etilishicha, qonunchilik faoliyati doirasida Senatga kiritilgan 48 ta qonun (2020-yilda 28 ta, 2021-yilning 8 oyida 20 ta, Senatda jami muhokama qilingan qonunlarga nisbatan 38%) va 31 ta masala dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 16 ta tadbir, xususan, Bosh prokurorning hisoboti 3-marta, Adliya vaziri hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining axborotlari 3-martadan, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili Ombudsmanning hisoboti 2-marta, Ichki ishlar vaziri, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qurilish vaziri, Oliy sud raisi hamda Samarqand viloyati hokimining axborotlari 1-martadan eshitilgan.
Aholining murojaatlarida koʻtarilgan masalalar yuzasidan 4 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Ularning natijasi qoʻmita va Senatning yalpi majlisida muhokama qilingan.
“Korrupsiyasiz soha” loyihasi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holati oʻrganilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining axboroti hamda sogʻliqni saqlash, taʼlim va qurilish sohalarida korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida Bosh prokuror axboroti eshitilgan.
Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi bilan birgalikda “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda sohaga doir boshqa qonun hujjatlari ijrosi holati Surxondaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida oʻrganilgan, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.